Bosh prokuratura: @noqonuniy_qurilish_bot ishga tushirildi
Qurilish ishlari ko‘paygani, ayniqsa, noqonuniy buzish va qurish ortidan poytaxt ob-havosi yomonlashgani sir emas. Bu nafaqat chang-to‘zon ko‘tarilishi, balki shahar atmosferasi mo‘’tadilligida muhim o‘rin tutuvchi daraxtlar kesilishiga sabab bo‘lib kelmoqda.
Bosh prokuratura tomonidan Toshkent shahrining me’moriy qiyofasini saqlash, shaharsozlik normalariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash va noqonuniy qurilishlarga chek qo‘yishga e’tibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda samarali jamoatchilik nazoratini tashkil qilish uchun “Noqonuniy qurilish” maxsus telegram-bot dasturi ishga tushirildi.
Ushbu (@noqonuniy_qurilish_bot) telegram-bot orqali poytaxtdagi noqonuniy qurilishlar haqida tezkor ma’lumot berish mumkin.
Bosh prokuratura aholiga murojaat qilib, ko‘p qavatli uylar yon-atrofi, sport maydonchalari, bolalar o‘yingohi, yashil hudud yoki boshqa jamoat joylarida noqonuniy qurilish ob’ektlariga kim guvoh bo‘lsa, zudlik bilan yuqoridagi bot orqali xabar yo‘llashni so‘radi.
O‘z uyimiz, mahallamizga befarq bo‘lmagan holda mazkur jamoatchilik nazoratida faol ishtirok etaylik!
N.Abduraimova, O‘zA