Bosh prokuratura: 322 ming nafar fuqaroning buzilgan huquqlari tiklandi
Bosh prokuraturada kengaytirilgan hay’at majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda prokuratura organlari tezkor xodimlari, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Majburiy ijro byurosi rahbariyati hamda ularning hududiy boshqarma va bo‘lim boshliqlari ishtirok etdi.
Videoselektor tarzida o‘tkazilgan majlisda prokuratura organlarining joriy yil birinchi yarmidagi faoliyati yakunlari hamda hududiy prokuraturalarda o‘tkazilgan kompleks tekshirish natijalari, tizimda korrupsiyaning oldini olishga doir vazifalar ijrosi ko‘rib chiqildi.
Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev prokuratura organlarining faoliyati Prezident rahbarligida amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlarning to‘liq va so‘zsiz bajarilishini ta’minlash, barcha sohalarda qonuniylikni mustahkamlashga yo‘naltirilganini ta’kidladi.
2026-yil 6 oyida prokuratura organlari tomonidan aniqlangan qonunbuzilishi holatlari yuzasidan 112 mingga yaqin nazorat hujjatlari qo‘llanilib, 322 ming nafar fuqaroning buzilgan huquqlari tiklandi.

Nazorat tadbirlari va dastlabki tergov davomida aybdor shaxslardan fuqarolarga va davlat manfaatlariga yetkazilgani aniqlangan 2,3 trillion so‘mlik zararning undirilishi ta’minlandi.
Kambag‘allikni qisqartirish, aholini ijtimoiy muhofaza qilish, bandligini ta’minlash, yoshlar va xotin - qizlarni har tomonlama qo‘llab - quvvatlashga oid qonunchilik ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.
Madaniy meros ob’ektlarini asrash, turizm va sportni rivojlantirish, tabiatni muhofaza qilishga doir vazifalar ijrosi ustidan nazorat kuchaytirildi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi ijrosi ustidan doimiy nazorat o‘rnatilib, bevosita prokurorlar tomonidan 376 gektar yer maydonida 235 ming tup ko‘chat ekildi. Barcha hududlarda “Prokuror bog‘lari” barpo etildi.

Tadbirkorlik sub’ektlarini har tomonlama qo‘llab – quvvatlash yo‘nalishida tizimli tadbirlar amalga oshirilib, qariyb 15 ming nafar tadbirkor, shu jumladan, investorlarga muammolarini bartaraf etishda ko‘maklashildi.
Yoqilg‘i - energetika sohasida qonuniylikni ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq 75 mingdan ziyod holat fosh etilib, 316 milliard so‘mlik zarar undirildi.
Qurilish sohasida ko‘rilgan choralar natijasida barcha dasturlar ijrosi bo‘yicha 4 ming 221 ob’ektda qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, foydalanishga topshirilishi ta’minlandi. 20,7 milliard so‘mlik sifatsiz ishlar, 23,1 milliard so‘mlik qo‘shib yozish holatlari barvaqt aniqlanib, bartaraf etildi.

Yig‘ilishda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish sohasidagi dolzarb vazifalarga ham alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, bozorlar va avtoturargohlardagi yashirin aylanmalarga barham berish maqsadida “Raqamli bozor” va “Parking management system” dasturlari joriy etilib, 347 bozor hamda 209 avtoturargoh faoliyati to‘liq raqamlashtirildi. Natijada ulardagi o‘rtacha oylik tushum miqdori 134 milliard so‘mdan 164 milliard so‘mga ortdi.
Yashirin iqtisodiyot ko‘lamini qisqartirish hamda ushbu yo‘nalishdagi prokuror nazoratini raqamlashtirish maqsadida “Yashirin iqtisodiyot” platformasi ishlab chiqilib, yuzdan ortiq axborot tizimlaridagi ma’lumotlarni sun’iy intellekt asosida onlayn tahlil qilish imkoniyati yaratilmoqda.
Agrar sohada qonuniylikni ta’minlashga to‘xtalib o‘tildi. Maqsadsiz foydalanib kelingan 6 ming 509 gektar, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan 598 gektar yer maydoni davlat zaxirasiga qaytarildi. 1 ming 178 noqonuniy qurilma bartaraf etilib, yana 4 ming 707 qurilma bo‘yicha sudlarga arizalar kiritilishi ta’minlandi.

Bosh prokuror o‘ta dolzarb bo‘lgan jinoyatchilikka qarshi kurashish ishlarini tashkil qilish, tergov sifatini oshirish, korrupsiya holatlarining oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Bu borada erishilgan natijalarni qayd etish bilan birga, mavjud muammolar va yo‘l qo‘yilayotgan xato - kamchiliklarni keskin tanqid ostiga oldi.
Mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, kriminogen vaziyatning barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni barvaqt aniqlash va bartaraf etishning barcha choralarini ko‘rish zarurligini qat’iy ta’kidladi.
Sudlarda prokuror vakolatini samarali ta’minlash, ayniqsa, sud ishlariga asossiz aralashishlarning oldini olish, shu bilan birga, noqonuniy sud qarorlariga nisbatan o‘z muddatida munosabat bildirib borish bo‘yicha ham tegishli topshiriqlar berildi. Odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashish bo‘yicha Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi faoliyati tahlil qilinib, ish samaradorligini yanada oshirishga doir chora - tadbirlar belgilandi.
Aholi muammolarini hal qilish, murojaatlar bilan ishlash masalasi hay’at muhokamasidan alohida o‘rin oldi. Ma’lum bo‘lishicha, hisobot davrida 95 ming murojaat bevosita prokuraturada hal etilgan va qariyb 116 ming nafar shaxsning buzilgan huquqlari tiklab berilgan.
Prokuratura organlari faoliyatida ochiqlikni ta’minlash, bunda keng jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari bilan aloqalarni mustahkamlashga ustuvor ahamiyat qaratish haqida yana bir bor eslatib o‘tildi.
“Raqamli prokuratura-2030” konsepsiyasini amalga oshirish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni jadallashtirish lozimligi qayd etildi.
Huquqni muhofaza qilish akademiyasi imkoniyatlaridan to‘laqonli foydalanish, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Majburiy ijro byurosi faoliyati samaradorligini oshirish borasida aniq vazifalar belgilab berildi.
Hay’at majlisida mas’ullarning izohlari tinglanib, kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ijro muddatlari aniq ko‘rsatilgan topshiriqlar berildi. Faoliyatida jiddiy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan xodimlarga tegishli choralar ko‘rildi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA