Bori elg‘a yaxshiliq qilg‘ilki...
14 fevral – Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan kun
Mamlakatimizda keyingi yillarda xalqimizning boy madaniy merosi, betakror arxeologik va tarixiy yodgorliklari, milliy qadriyatlarimizni, ayniqsa, jahon ilm-fani taraqqiyotiga, insoniyat tafakkurining yuksalishiga munosib hissa qo‘shgan buyuk allomalarimiz shaxsini ulug‘lash, ilmiy merosini, ular qoldirgan bebaho yozma manbalarni o‘rganish, tadqiq etish va tarixiy ahamiyatini jahon jamoatchiligi e’tiboriga ko‘rsatish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Bu borada 1992 yildan buyon faoliyat olib borayotgan Bobur nomidagi Xalqaro jamoat fondi tomonidan e’tiborga molik ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, o‘tgan yillar davomida Andijonda Bog‘i Bobur majmuasi hamda Bobur Mirzoning ramziy maqbarasi barpo etildi. “Bobur va jahon madaniyati” muzeyi tashkil etildi. Bundan tashqari, Bobur va boburiylar hayoti va ijodini o‘rganish, keng targ‘ib etish bo‘yicha yurtimizda, qator xorijiy davlatlarda juda ko‘p tadbirlar, xalqaro anjumanlar o‘tkazildi, yangi- yangi kitoblar nashr etildi, hujjatli filmlar yaratildi. Bobur xalqaro mukofoti, “Bobur va dunyo” jurnali ta’sis etildi.
Fondning Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Hindiston, Misr, Turkiya, Rossiya, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Kanada, Yaponiya davlatlarida jamoatchilik asosida faoliyat olib boruvchi bo‘limlari tashkil etildi.
– Bobur xalqaro ilmiy ekspeditsiyasi Bobur izidan 40 dan ziyod mamlakat bo‘ylab ilmiy safarlar uyushtirdi, – deydi Bobur nomidagi Xalqaro jamoat fondi rahbari, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Zokirjon Mashrapov. – Natijada ko‘plab yangi-yangi manbalar topildi, ular Andijonga olib kelinib, “Bobur va jahon madaniyati” muzeyidan joy oldi.
Ayni paytda muzeyimizda 1 mingdan ziyod noyob qo‘lyozma asar, nodir kitob, qimmatli manbalar mavjud. Jumladan, “Boburnoma”ning Haydarobod nusxasi, Bobur Mirzo kashf etgan alifbo – “Xatti Boburiy”da ko‘chirilgan Qur’oni karim nusxasi, “Bobur kulliyoti”ning Eron nusxasidan ko‘chirma hamda “Boburnoma”ning turli tillarga tarjima qilingan 20 dan ortiq nusxasi saqlanmoqda.
Keyingi yillarda fond ko‘magida “Boburnoma” bir necha marta qayta nashr qilindi. Ushbu asarning krill va lotin alifbolardagi tabdili, shuningdek, Muhammad Haydar Mirzoning “Tarixi Rashidiy” asari fors tilidan tarjima qilinib chop etildi. Boburshoh va Xumoyun Mirzoning hayoti va faoliyati bayon etilgan Xondamirning “Xabib us-siyar” asari, turli tillarda yaratilgan “Gulbadan”, “Andijon shahzodasi”, “Bobur – yo‘lbars”, “16 asr bunyodkori” nomli kitoblar o‘zbek tiliga tarjima qilinib, kitobxonlarga taqdim etildi.
"Zahiriddin Muxammad Babur. Baburidы. Bibliografiya" nomli yirik kitob, “Zahiriddin Muhammad Bobur xazinalari” ruknida “Mubayyan va nasriy bayoni”, “Risolai Volidiyya” nazmiy tarjimasi va sharhi” asarlarining chop etilganligi, ayniqsa, “Bobur ensiklopediyasi”ning yaratilganligi, Bobur Mirzoning olti jildlik “Kulliyot”i chop etilganligi o‘zbek boburshunoslarining katta yutuqlaridan bo‘ldi.
Yuqoridagi kitoblar, shubhasiz, yurtimiz tarixi, ulug‘ allomalarimiz, xususan, Z.M.Bobur hayoti, ijodi, ilmiy merosini o‘rganish, tadqiq etishda muhim manbaa bo‘ladi.
Fond tashabbusi bilan Bobur va boburiylar, qolaversa, zaminimizda tug‘ilib, taqdir taqozosi bilan dunyoning turli joylarida umrguzaronlik qilgan buyuk ajdodlarimiz yaratgan bebaho va noyob asarlar namunalari Vatanimizga qaytarilib, ilmiy iste’molga kiritilganligi, eng avvalo, ko‘xna tariximizni yanada chuqur o‘rganishga xizmat qiladi, qolaversa, yosh avlod qalbida ulug‘ ajdodlarimizdan faxrlanish, iftixor tuyg‘ularini mustahkamlaydi.
Bobur xalqaro ilmiy ekspeditsiyasi tomonidan hozir Afg‘oniston, Hindiston, Turkiya, Iroq, Eron davlatlarida bo‘lgan Abu Ali ibn Sino, Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Lutfiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Nasr Forobiy, Alisher Navoiy, Ali Qushchi, Kamoliddin Behzod, Boborahim Mashrab, Xudoyorxon singari ulug‘ zotlar mangu qo‘nim topgan maskanlar ziyorat qilindi. Xususan, Afg‘onistonning Dashti Dehikanor qishlog‘idagi yo‘qolib ketish arafasiga kelib qolgan mavlono Lutfiyning maqbarasi qayta tiklandi. Hirot shahrining Musallo maydonidagi Alisher Navoiyning qabr-maqbarasi xalqimizning milliy me’morchiligi uslubida yangidan bunyod etildi, uning atrofida bog‘ yaratildi, Kamoliddin Behzodning qabr-maqbarasi ta’mirlanib, obodonlashtirildi.
Kelgusida fond tomonidan Abu Rayhon Beruniy, Ali Qushchi, Abu Nosr Farobiy, Abdurahmon Jomiy, Boborahim Mashrab, Husayn Boyqaro, Muhammad Haydar Mirzo singari ulug‘ allomalarning qabr-maqbaralarini obodonlashtirish rejalashtirilgan.
Prezidentimizning 2023 yil 25 yanvardagi “Buyuk shoir va olim, mashhur davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori fond faoliyatini yanada yuqori bosqichga ko‘tarishda muhim dasturilamal bo‘ldi.
[gallery-15840]
–Qarorda belgilangan vazifalar ijrosi doirasida fondimiz tomonidan katta xajmdagi ishlar olib borildi, – deydi Zokirjon Mashrapov. – Xususan, o‘tgan yili Bobur Mirzo tavalludining 540 yilligi munosabati bilan “Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiy merosining bashariyat ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotidagi o‘rni” mavzusidagi xalqaro anjuman o‘tkazildi. Anjumanda dunyoning o‘ndan ortiq mamlakatlaridan kelgan boburshunos olimlar ishtirok etdi.
Anjuman doirasida fondning Amerika Qo‘shma shtatlarida bo‘limini tashkil etish, o‘zaro ilmiy-madaniy aloqalarni mustahkamlash yuzasidan memorandum imzolandi.
Prezident qarorida “Bobur merosi” xalqaro sayyohlik targ‘ibot dasturini amalga oshirish belgilangan. Ana shu dastur ijrosini ta’minlash bo‘yicha fond muassisligida “Zaytun bog‘lari” MCHJ qoshida “Bobur merosi” sayyohlik agentligi tashkil etildi.
Shuningdek, “Bobur va jahon madaniyati” muzeyida “Bobur Mirzoni anglash” mavzusida Boburning hayoti, ilmiy va ijodiy faoliyatiga bag‘ishlangan asarlarning qo‘lyozma va nashr nusxalari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Ko‘rgazmaga minglab yurtdoshlarimiz tashrif buyurdi.
O‘tgan yili boburiylar va temuriyzodalar hayot faoliyati haqida tasavvur hosil qiladigan miniatyuralar ilova qilingan «Boburnoma» asari sharqshunos olim Federiko Pastore tomonidan italyan tiliga tarjima qilinib, Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning kirish so‘zi hamda atoqli italyan olimi va adibi Franko Kardini so‘zboshisi bilan Italiyaning “Sandro Teti Editore” nashriyot uyida chop etildi. Bobur nomidagi Xalqaro jamoat fondida viloyat jamoatchiligi, boburshunos olimlar, yozuvchi va shoiralar ishtirokida ana shu kitobning taqdimoti o‘tkazildi.
Ayni paytda mutaxassislar, olimlar tomonidan xalqaro ilmiy Boburshunoslik elektron platformasini yaratish ishlarining 1- bosqichi yakuniga yetkazilib, www.baburid.uz sayti o‘z faoliyatini boshladi. Mazkur platformaning yaratilishi nafaqat Bobur Mirzo ixlosmandlari, boburshunos olimlar va tadqiqotchilar uchun ulkan imkoniyatlar eshigini ochib berdi.
Rossiya Fanlar akademiyasining Turkshunoslik instituti va Bobur nomidagi Xalqaro jamoat fondining ilmiy hamkorligida 2016 yili “Zaxiriddin Muxammad Babur. Baburidы. Bibliografiya” nomli kitob nashrdan chiqarilgan edi. O‘tgan yili ana shu yo‘nalishdagi ishlar davom ettirilib, Bobur Mirzoning tarixiy va ijodiy merosini ilmiy nuqtai nazardan tahlil etish, tizimga solish, izohlar bilan ta’minlash va targ‘ib etish maqsadida fond homiyligida 5 jildlik “Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburiylar. Qomusiy, ilmiy va ilmiy-ommabop materiallar to‘plami” kitobi arabshunos olim Shokirxon Rustamxo‘jayev tomonidan nashrga tayyorlanib, chop etildi.
Ushbu kitobga Markaziy Osiyo respublikalari, Rossiya, Ukraina, Belarus, Ozarbayjon, Yaponiya, Misr, Eron, Buyuk Britaniya, Fransiya, Ispaniya, AQSH va Hindiston boburshunoslarining maqolalari jamlangan.
Shuningdek, “Bobur – adabiyotshunos” kitobi nashr qilindi. “Boburnoma” asarining zamonaviy o‘zbek va qoraqalpoq tilidagi tabdili yaratildi.
Muxtasar aytganda, Bobur nomidagi Xalqaro jamoat fondi tomonidan Zahriddin Muhammad Bobur, boburiylar va boshqa ulug‘ allomalarimiz ilmiy merosini o‘rganish, targ‘ib etish borasida olib borilayotgan yuqoridagi kabi xayrli ishlar har qancha e’tirofu tahsinga munosibdir. Fond jamoasi Bobur bobomizning “Bori elga yaxshilig‘ qilg‘ilki mundin yaxshi yo‘q” degan so‘zlarini o‘zlariga shior bilib, ana shunday xayrli ishlar ko‘lamini yanada kengaytirishni o‘z oldilariga maqsad qilib olgan.
Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari