Bor mehrimiz senga, bolajon!
Navoiy viloyatida O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Navoiy viloyat Kengashi tomonidan 3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan “Bor mehrimiz senga, bolajon!” loyihasi doirasida beg‘araz qon topshirish aksiyasi uyushtirildi.
Jamiyatda qon va qon komponentlarining xavfsizligi, donorlikning ahamiyati hamda bu boradagi mas’uliyatni yanada keng targ‘ib qilish maqsadida tashkil etilgan aksiyada Navoiy viloyat ichki ishlar boshqarmasi, viloyat Yo‘l patrul xizmati maxsus otryadi, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari, deputatlar, partiya faollari va ko‘plab ko‘ngillilar faol ishtirok etdi.


– Partiya vakillari tomonidan bu kabi donorlik aksiyalari har yili ikki bor – 1 iyun va 3 dekabr kunlari an’anaviy ravishda o‘tkazib kelinmoqda, – deydi viloyat qon quyish stansiyasi bosh shifokori Barot Normurodov. – Aksiyada huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining ishtirokini alohida e’tirof etmoqchiman. Xizmat jarayonida aholining osoyishtaligi va xavfsizligini ta’minlab kelayotgan bu soha vakillarining donor sifatida qatnashishi ularning yanada yuksak fidoyiligidan dalolatdir. Aksiyada 40 nafar ko‘ngilli donorlar ishtirok etdi.


Tadbir yakunida faxriy donorlar va faol ishtirokchilarga partiyaning tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari topshirildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri