Bo‘lg‘usi shifokorlar qasamyod qildi
Davlatimiz rahbari o‘tgan yili sog‘liqni saqlash tizimi xodimlariga sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarini joriy qilish, ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarning filiallarini ochish, Guliston davlat universiteti qoshida 2 ta, davolash va pediatriya yo‘nalishidagi tibbiyot fakultetini ochish va uni ishga tushirish bo‘yicha muhim topshiriq va ko‘rsatma bergan edi.
Ushbu topshiriqdan so‘ng, aniq, belgilangan reja asosida ishlar boshlab yuborildi. Sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli, davlat tibbiy sug‘urta tizimini joriy etish, aholiga kafolatlangan paket asosida tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha pilot loyiha ishlari boshlandi. Qolaversa, Gulistonda "Guliston tibbiyot klasteri”ni tashkil etish, uni ishga tushirish bo‘yicha ishlar ham tashkil etildi. Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining 12 ta filiali tashkil etildi.
Guliston davlat universiteti qoshida esa “Davolash ishi” va “Pediatriya” yo‘nalishi bo‘yicha malakali mutaxassislarni tayyorlash maqsadida Tibbiyot fakulteti ham ochilib, 60 ta maqsadli qabul kvotalari ajratildi.

O‘tkazilgan test sinovlari natijasiga ko‘ra, qabul qilingan talabalarning puxta bilim olishlari uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratildi. Sirdaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga qarashli Guliston shahridagi viloyat va shahar tibbiyot muassasalarida klinik bazalar tashkil etilib, o‘quv jarayonlari boshlab yuborildi.
Mazkur universitetda yangidan tashkil etilgan, Tibbiyot fakultetining “Davolash ishi” va “Pediatriya” yo‘nalishiga qabul qilingan talablar uchun "Shifokorlik qasamyodi" tadbiri o‘tkazildi. Unda bo‘lg‘usi shifokorlar qasamyod qabul qildi.

Tadbirda sog‘liqni saqlash sohasida uzoq yillar faoliyat yuritgan tibbiyot faxriylari, ota-onalar ishtirok etib, bo‘lg‘usi shifokorlarga oq yo‘l tiladi.
Shuhrat Suyarov, Furqat Toshmatov(surat), O‘zA