Bolaning manfaatlari qonun nazoratida
Bola endi kattalar qarorining ob’ekti emas, balki o‘z huquqlariga ega shaxs. Qonunchilikdagi yangi yondashuv farzandlarning eng ustun manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan. Bu jamiyat uchun nimani anglatadi?
Bola jamiyatning eng himoyaga muhtoj, ayni paytda eng qimmatli a’zosidir. Uning bugungi hayoti, tarbiyasi, ta’limi, sog‘lig‘i va xavfsizligi ertangi jamiyatning qanday bo‘lishini belgilaydi. Shu ma’noda bola huquqlarini himoya qilish oilaning yoki biron-bir tashkilotning emas, balki butun jamiyat va davlatning muhim vazifasidir.
2026-yil 1 iyulda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga bola huquqlarining kafolatlarini yanada kuchaytirishga hamda tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarni himoya qilish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” 156-son Qonuni ana shu maqsadga xizmat qiladi. Qonun bilan ayrim hujjatlarga bola huquqlarining kafolatlarini yanada kuchaytirish, shuningdek, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar hamda ularning bolalarini himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Xo‘sh, mazkur qonunning eng muhim jihati nimada?
Dastlab bolaning manfaatlari xususida. Bolaning manfaatlari nima? Oddiy qilib aytganda, bolaning manfaatlari – uning sog‘lom, xavfsiz, munosib va farovon hayot kechirishiga xizmat qiladigan huquq va ehtiyojlaridir. Masalan, bolaning oilada tarbiyalanishi, ta’lim olishi, sog‘lig‘ini saqlashi, xavfsiz muhitda yashashi, sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishi, o‘z fikrini bildirishi – bularning barchasi uning manfaatlariga daxldor. Biroq hayotda bolaga daxldor masalalar ko‘pincha murakkab bo‘ladi. Ayniqsa, ota-ona o‘rtasida nizo kelib chiqqanda, ajrashish, bolaning kim bilan yashashi, vasiylik va homiylik, farzand tarbiyasi, oilaviy nizolar yoki zo‘ravonlik bilan bog‘liq holatlarda turli manfaatlar to‘qnashadi.
Mazkur Qonun bilan “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunga yangi tushuncha kiritildi. Unga ko‘ra, bolaning eng ustun manfaatlari – bolaning Konstitutsiya, qonunlar va xalqaro shartnomalarda belgilangan huquqlaridan, jumladan oila g‘amxo‘rligida o‘sib-ulg‘ayish, farovon yashash, xavfsizlik, sog‘liqni saqlash, bilim olish, to‘laqonli va har tomonlama kamol topish, shaxsiy daxlsizlik, sha’n va qadr-qimmatini hurmat qilish, fikrlash, so‘z, vijdon va e’tiqod erkinligiga bo‘lgan huquqlaridan, shuningdek uning ijtimoiy, axloqiy manfaatlari hamda o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib belgilanadigan va himoya qilinadigan manfaatlardir.
Eng muhim jihati shundaki, bu manfaatlar bolaning ishtiroki va uning fikri inobatga olingan holda belgilanadi. Demak, “bolaning eng ustun manfaatlari” degani faqat “bola uchun yaxshi bo‘lgan narsa” degan umumiy tushuncha emas. Bu muayyan vaziyatda bolaning huquqlari, xavfsizligi, sog‘lig‘i, ruhiy holati, ta’limi, oilaviy muhiti, shaxsiy xususiyatlari va uning o‘z fikri hisobga olingan holda aynan shu bola uchun eng maqbul qarorni tanlash deganidir.
Nima o‘zgardi?
Avvalgi qonunchilikda ko‘plab normalarda “bolaning manfaatlari” degan tushuncha qo‘llanilgan bo‘lsa, yangi qonun bilan qator normalarda bu ifoda “bolaning eng ustun manfaatlari” tarzida mustahkamlandi. Xususan, Oila kodeksida bolaga oid ko‘plab masalalarda “bolaning manfaatlari” tushunchasi “bolaning eng ustun manfaatlari” bilan almashtirildi. Shuningdek, oilada bolaga taalluqli har qanday masala hal qilinayotganda uning o‘z fikrini erkin ifoda etish huquqi yanada aniq belgilab qo‘yildi. “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunda ham bolaga ta’sir ko‘rsatadigan har qanday masala hal qilinayotganda uning fikrini erkin ifoda etishi, shuningdek sud yoki ma’muriy muhokamada so‘zlashi huquqi mustahkamlandi.
Bu nimani anglatadi? Masalan, ota-ona o‘rtasida nizo yuzaga kelsa, masala faqat “qaysi tomon haq?” degan savol bilan cheklanib qolmasligi kerak. Avvalo, qabul qilinayotgan qaror bolaga qanday ta’sir qiladi? Uning xavfsizligi, ruhiy holati, ta’lim olishi, sog‘lig‘i, tarbiyasi va kelajagi uchun qaysi qaror yaxshiroq?, degan savollarga javob izlanishi lozim. Ya’ni, bola endi kattalar o‘rtasidagi nizoning “ob’ekti” emas, balki huquq va manfaatlari mustaqil ravishda e’tiborga olinadigan shaxs sifatida qaraladi.
Nega bunday qonunga ehtiyoj tug‘ildi?
Qonunning qabul qilinishiga asosiy sabab bolalarning huquqiy himoyasini yanada kuchaytirish va bolaga daxldor qarorlar qabul qilishda yagona, aniq mezonni belgilash zaruratidir. Qonunning muqaddimasida ham amaldagi qonun hujjatlarida bolaga taalluqli har qanday masala hal etilayotganda uning eng ustun manfaatlari hisobga olinishini belgilash zarurati qayd etilgan. Shu bilan birga, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini davlat tomonidan himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish maqsadi ham ko‘zlangan. Bu ikki masala bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Zero, oiladagi zo‘ravonlikdan ko‘pincha nafaqat xotin-qiz, balki farzand ham jabr ko‘radi. Bola zo‘ravonlikning bevosita qurboni bo‘lmagan taqdirda ham, uning oiladagi muhitga guvoh bo‘lishi ruhiy holati va kamolotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu sababli yangi qonun tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar bilan birga ularning voyaga yetmagan bolalarini ham himoya qilish mexanizmlarini kuchaytirmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi va uning tizimidagi tashkilotlarga jabrlanuvchilar hamda ularning voyaga yetmagan bolalarining manfaatlarini ko‘zlab sudlarga davlat boji to‘lamasdan ariza, shikoyat va da’volar kiritish, sud majlislarida ishtirok etish vakolatlari berilmoqda. Zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxsning maxsus markazga joylashtirilganligi esa bir oygacha muddatga vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasi berish uchun asos bo‘lishi belgilanmoqda.
Yangi qonunning mohiyatini bir jumla bilan ifodalash mumkin: bolaga oid qaror qabul qilinayotganda kattalarning qulayligi emas, avvalo bolaning eng ustun manfaati mezon bo‘lishi kerak.
Bu prinsip ota-ona uchun ham, mahalla uchun ham, ta’lim muassasasi uchun ham, vasiylik va homiylik organlari, ijtimoiy himoya tizimi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlar uchun ham muhim ahamiyatga ega. Bunda bolaning yoshi, sog‘lig‘i, ruhiy holati, oilaviy muhiti, ta’lim va tarbiya sharoiti, xavfsizligi, shaxsiy xususiyatlari hamda uning fikri e’tiborga olinishi lozim. Ayniqsa, “bolaning fikrini eshitish” bilan “bolaning aytganini so‘zsiz bajarish” bir xil tushuncha emas. Bolaning fikri inobatga olinadi, ammo qaror uning yoshi va yetukligi, xavfsizligi va boshqa muhim holatlar bilan birgalikda baholanadi. Asosiy maqsad – bolaning huquqlari va qonuniy manfaatlarini eng yaxshi tarzda ta’minlash.
Bu – faqat qonun emas, yangi yondashuv
Eng muhimi, jamiyat ongida bir tushunchani mustahkamlash zarur. Bola – kattalarning mulki emas. Bola – o‘z huquqlari, sha’ni, qadr-qimmati va fikriga ega bo‘lgan shaxs. Shuning uchun bolaga oid har qanday qarorda “Bizga nima qulay?” degan savoldan avval “Bola uchun nima eng yaxshi?” degan savol qo‘yilishi kerak. Ana shu yondashuv bolaning manfaatlari tushunchasini bolaning eng ustun manfaatlari darajasiga ko‘taradi. Qonunning asl maqsadi ham shunda – bolaning huquqini qog‘ozda emas, hayotda ta’minlash, uning “ovozi”ni eshitish, xavfsiz va munosib muhitda o‘sishiga sharoit yaratish. Har qanday nizo va qaror markaziga esa bolaning taqdirini qo‘yish. Zero, bolaning buguni uning shaxs sifatidagi kelajagi, jamiyatning ertangi kunidir.
U.Xusanova,
Toshkent viloyati adliya boshqarmasi
FHDYO arxivi mudirasi