Bolani maktabga tayyorlash – muhim vazifa
bugungi kunda yurtimizda bog‘cha yoshidagi bolalarni boshlang‘ich ta’limga majburiy bepul bir yillik tayyorlashga alohida e’tibor qaratilgan.
Bu tizim tajriba-sinov tariqasida 2018/2019 o‘quv yilida Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanida, Farg‘ona viloyatining Furqat tumani va Quvasoy shahrida hamda Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek, Mirobod, Bektemir, Uchtepa, Yashnobod, Chilonzor, Yunusobod va Shayxontohur tumanlarida muvaffaqiyatli amalga oshirilgan bo‘lsa, endilikda barcha viloyatlarga tadbiq etilmoqda.
Ayni paytda Navoiy viloyatda 6 yoshdagi bolalar soni 19 ming 925 nafarni tashkil etib, ularning 16 ming 932 nafari yoki 85 foizi maktabgacha ta’lim bilan qamrab olingan. Qamrab olinmagan bolalar soni esa 2 ming 993 nafarni tashkil etadi.
Viloyatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 9 martdagi “Bolalarni boshlang‘ich ta’limga majburiy maktabgacha ta’lim muassasalari negizidagi bir yillik tayyorlash tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 6 yoshli bolalarni bepul maktabga majburiy tayyorlov guruhlari bilan qamrab olish bo‘yicha aniq va maqsadli ishlar amalga oshirilmoqda.
– Joriy yil sentyabr oyi holatiga viloyatning 9 ta tuman (shahar)idagi (G‘ozg‘on shahri va Tomdi tumanidan tashqari) MTTlarda 21 ta, umumta’lim maktablarida 247 ta, kollejlarda 4 ta, MFYda 10 ta 6 yoshli bola uchun bepul maktabga majburiy tayyorlov guruhlari tashkil etildi, – deydi viloyat Maktabgacha ta’lim boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Nigora Yaxshiyeva. – bugungi kunda 6 yoshli bolalarning 6762 nafari qamrab olindi. Barcha tashkilotlarimizda maktabgacha yoshdagi bolalarning lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi va yangi imlo qoidalari bo‘yicha savodxonligini shakllantirishga alohida e’tibor qaratganmiz. Bunda bolajonlarimizga alifbo harflarini o‘qish va yozish, qo‘shish va ayirish amallari o‘rgatib kelinmoqda. Maqsadimiz, bog‘cha yoshidagi bolajonlar maktabga o‘qish va yozishni o‘zlashtirgan holda borishidir.
– Bu yil ikkinchi farzandim 1-sinfga bordi, – deydi ota-onalardan biri Rohila Ochilova. – Qizim bog‘chada o‘qish va yozishni, matematik amallardan qo‘shish va ayirishni o‘rgandi. To‘g‘risi, maktabda fanlarni o‘zlashtirishda qiynalsa kerak, degan hadik bor edi. Lekin hozir o‘zi mustaqil ravishda barcha harflarni qo‘shib, so‘zlarni to‘liq talaffuz qiladi, ertak kitoblar o‘qib, so‘zlarni bir-biriga qiynalmasdan qo‘shib o‘qiyapti. Albatta buning barchasi MTTda olib borilgan dastlabki ta’lim deb bilaman.
Navoiy viloyati maktabgacha ta’lim boshqarmasiga Vazirlik tomonidan 2020-2021 yillarda qirq turga yaqin didaktik vositalar hamda o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar yetkazib berildi.
– Albatta, bolaning shakllanishida didaktik vositalar va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalarning alohida o‘rni bor, – deydi viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasining ta’lim sifatini ta’minlash va innovatsion texnologiyalarni joriy etish bo‘limi boshlig‘i Latofat Rajabova. – Jumladan “Krugi Lulliya”, “Zanimatelnaya matematika”, “Nastolnыy teatr” o‘yin to‘plamlari, “Ilk qadam” maktabgacha ta’lim muassasasining davlat o‘quv dasturi, pedagoglarimiz uchun 6 turdagi o‘quv metodik qo‘llanma, “Ilm yo‘li”, tayyorlov guruhi tarbiyalanuvchilari uchun o‘zbek va rus tillarida “Ish daftari”, shuningdek 13 turdagi plastik o‘yinchoqlar, “Mening ilk qo‘shiqlarim” musiqa to‘plami hamda “Umnыy robot Albert” va “Coding Robot” to‘plamlari olib kelinib, maktabgacha ta’lim tashkilotlariga tarqatildi.
Hozirda Navoiy viloyatida 1069 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti mavjud bo‘lib, ularning 205 tasini davlat, 6 tasini xususiy, 71 tasini davlat-xususiy sheriklik asosidagi va 787 tasini oilaviy bog‘chalar tashkil etadi. 3-7 yoshli bolalarni MTTlariga qamrov esa 66 ming 999 nafarga yoki 83,1 foizga yetdi.
Agarda viloyatda MTT lar soni 2017 yilda 132 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yilga kelib bu ko‘rsatkich 1069 taga, 3-7 yoshdagi bolalarning maktabgacha ta’lim qamrov darajasi 34,1 foizdan 83,1 foizgacha oshirishga erishildi. Jumladan, 2017 yildagi qamrov darajasi eng past bo‘lgan Xatirchi tumanida 9,1 foizdan 83,7 foizga, Navbahor tumanida 12,9 foizdan 73,8 foizga, Nurota tumani 23,7 foizdan 63,5 foizga, Karmana tumanida 28,5 foizdan 72,0 foizga yetkazilgan.
– Viloyatdagi jami 308 ta MFY dan 301 tasida maktabgacha ta’lim tashkilotlari mavjud, – deydi viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi matbuot kotibi O‘tkir O‘sarov. – MTTlarga ega bo‘lmagan 7 ta MFYda davlat xususiy sherikchiligi hamda oilaviy nodavlat MTT lari tashkil etilishiga e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 3 avgustdagi “Mobil guruhlar bazasida maktabgacha ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatda “Aqlvoy” loyihasi doirasida maktabgacha ta’lim tashkilotlari mavjud bo‘lmagan hamda qamrov ko‘rsatkichlari past bo‘lgan Konimex, Navbahor, Xatirchi tumanlari hududlarida qayta jihozlangan mobil guruhlari tashkil etildi.
Ma’lumot uchun, 2019 yilda tajriba-sinov tariqasida viloyatning Nurota tumani “Yangi hayot” MFY Yangi bino qishlog‘i, “Jarma” MFY Xayrabod va Jarma qishlog‘ida 6 ta mobil guruhi tashkil etilgan edi. Bu kutilgan natijani berdi va qamrov darajasi past bo‘lgan boshqa hududlarda ham yo‘lga qo‘yildi. bugungi kunda viloyatda jami 4 ta tumanda mobil guruhlarida 320 nafar 3-6 yoshli bolalar qamrab olingan.






Abduvali Bo‘riyev, O‘zA