Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish: xalqaro hamkorlikdagi amaliy yondashuv
Odil sudlov akademiyasi tomonidan BMTning Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) bilan hamkorlikda sudyalar uchun malaka oshirish kurslari tashkil etildi.
Unda Akademiya rektori Sherzod Abduqodirov bolalar huquqlarini ishonchli himoya qilish masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidlab, sudyalar zimmasidagi mas’uliyat va professional yondashuvning muhim jihatlariga alohida to‘xtaldi.

Mazkur xalqaro formatdagi o‘quv kurslarida mas’ul tashkilotlar vakillari hamda respublika bo‘yicha 30 ga yaqin jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar sudyalari faol ishtirok etdi.
Ikki kun davom etgan mashg‘ulotlar doirasida ishtirokchilar bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha milliy va xalqaro standartlarni o‘rgandi.
Jabrlanuvchi bolalar bilan muloqotning psixologik jihatlari, sud jarayonida bolalar uchun qulay va xavfsiz muhit yaratish, xalqaro tajriba va amaliy yondashuvlar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirdi.
Mashg‘ulotlar xalqaro ekspert hamda milliy mutaxassislar ishtirokida interaktiv va amaliy formatda o‘tkazildi.
Ushbu tadbir sud amaliyotida bolalar manfaatlarini ta’minlash, shuningdek, xalqaro hamkorlik va tajriba almashuvini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA