Bolalar uchun “Yashil makon” animatsion multfilmi yaratildi
Alisher Navoiy nomidagi kino saroyida Yoshlar ishlari agentligi tomonidan “Yashil makon” animatsion multfilmining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Internet jahon axborot tarmog‘ida milliy kontentni yanada rivojlantirish, bolalarda ona-tabiatga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish, ekologik madaniyatni shakllantirish, tabiiy resurslardan unumli foydalanish, Vatanga muhabbat, tabiatni asrash, ota-ona va ustozlarni ulug‘lash tuyg‘ularini shakllantirish maqsadida ishlab chiqilgan multserial jami 30 qismdan iborat bo‘ldi.


Bolalar uchun yosh ekoqahramonlar obrazini gavdalantirgan “Yashil makon” animatsion multseriali ularga suvdan oqilona foydalanish, chiqindini belgilangan joylarga tashlash, daraxt ekish va uni parvarishlash, hayvonot va o‘simlik olamiga sayohat kabi qadriyatlarimizni anglatadi. Ta’lim olish, odob-axloq qoidalarini o‘rgatadi. Ushbu multfilm qahramonlari Jasur, Binafsha va uning do‘stlari, Metin va Zuv-zuvlardir.


Qisqa metrajli animatsion filmning bir qismi davomiyligi 12 daqiqani tashkil etadi. Multfilm 3D va 2D grafikasi asosida tayyorlangan bo‘lib, har bir qism uchun alohida mavzular tanlab olingan. Unda turli mavzular bo‘yicha kontentlar berib boriladi.
Jumladan, birinchi qismda ekologik muammolar va uni bartaraf etish yo‘llari, ikkinchi qism xazonlarni yoqmaslik, ulardan o‘g‘it sifatida foydalanish kabi voqealarni o‘z ichiga oladi. Hozirgi kunda multserialning 2-qismi tayyorlandi. Yil yakuniga qadar barcha seriallar ommaviy axborot vositalari ijtimoiy tarmoqlarda namoyish etib boriladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan o‘zbek milliy qahramoni obrazini yaratish, qadriyatlar, odob-axloq qoidalari, vatanparvarlik g‘oyalari, sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga qaratilgan “Bek va Lola” animatsion multfilmlari brendi yaratilib, ijtimoiy tarmoqlarda 20 million marotaba ko‘rildi.
Shu bilan birga, bolalar uchun “Al-Xorazmiy”, “Abu Rayhon Beruniy” kabi animatsion multfilmlar ham tayyorlanmoqda.
Shuningdek, milliy qahramonlarimizning bolalarga xos personajlarini yaratish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan “Jasorat”, “Ildiz” va “Jajji akademik” kitoblar to‘plamlari nashrga tayyorlandi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA