Bolalar onkologiyasi: dori vositalari bilan uzluksiz ta’minlashning yangi mexanizmlari
Dunyo tibbiyotida bolalar onkologiyasini davolash samaradorligini oshirish nafaqat ilg‘or muolajalar, balki hayotiy muhim preparatlarning uzluksiz ta’minoti va ularni oqilona boshqarish bilan chambarchas bog‘liq hisoblanadi. Xususan, bugungi kunda dori vositalariga bo‘lgan ehtiyojni chuqur ilmiy asosda prognoz qilish va zaxiralarni shakllantirish tizimini takomillashtirish sohadagi eng dolzarb vazifalardan biriga aylangan.
Toshkent shahrida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) va St. Jude bolalar tadqiqot shifoxonasi hamkorligida tashkil etilgan amaliy trening yurtimizning barcha hududlaridan kelgan soha mutaxassislarini birlashtirdi. Bolalar onkologiyasi muassasalarining yetakchi shifokorlari, malakali hamshiralar va farmatsevtlar, shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda YUNISEF ekspertlari ishtirok etgan mazkur muloqot davomida dori vositalariga bo‘lgan talabni ilmiy asoslangan holda aniq hisoblash, bemorga nisbatan zarur ehtiyoj hamda yetkazib berish ko‘rsatkichlarini chuqur solishtirish ko‘nikmalari puxta o‘zlashtirildi.

Ta’kidlash joizki, mazkur trening xalqaro miqyosdagi keng qamrovli tashabbuslarning uzviy davomi bo‘lib, u «Saraton kasalligiga chalingan bolalarni dori vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha Global platforma» doirasida o‘tkazildi. Bu esa mamlakatimizda bolalar onkologiyasi bo‘yicha shakllangan milliy yordam ko‘rsatish tizimini yanada mustahkamlash, ilg‘or xalqaro standartlarni bosqichma-bosqich tatbiq etish hamda mavjud resurslardan oqilona foydalanish imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytiradi.
Zero, dori vositalarini prognoz qilish va zaxiralarni boshqarish mexanizmini takomillashtirish orqali har bir bemorning o‘z vaqtida zarur preparat bilan ta’minlanishiga erishiladi, bu esa kelajakda davolash natijadorligini yanada oshirishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA