Bolalar milliy tibbiyot markazida tibbiy marketing yo‘nalishida yangi bosqichga qadam qo‘yildi
Bolalar milliy tibbiyot markazi direktori Baxtiyorjon Umarov Westminster International University in Tashkent biznes maktabining Menejment va marketing kafedrasi o‘qituvchisi, koreyalik mutaxassis DSc Yongxo Xyunni qabul qildi.
Uchrashuv davomida koreyalik mutaxassisning Bolalar milliy tibbiyot markazi direktorining marketing bo‘yicha maslahatchisi sifatida faoliyat olib borishi bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Qayd etilganidek, hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari marketing, tibbiy turizmni rivojlantirish, zamonaviy boshqaruv tizimlarini joriy etish hamda muassasa faoliyatida amaliy natijadorlikka erishishga qaratilgan.
Shuningdek, kelgusida amalga oshiriladigan qo‘shma loyihalar natijalari asosida respublika sog‘liqni saqlash tizimi muassasalari bilan tajriba almashish, samarali boshqaruv modellarini tatbiq etish va ilg‘or yondashuvlarni keng ommalashtirish rejalashtirilgan.
Ma’lumot o‘rnida, janob Yongxo Xyun xalqaro marketing, turizm va boshqaruv sohalarida katta ilmiy-amaliy tajribaga ega mutaxassis hisoblanadi. U turli yillarda International University of Rabatning Rabat Business School’ida marketing bo‘yicha professor assistenti, KIMEP Universityda marketing bo‘yicha dotsent, EFMD/EPAS akkreditatsiyasi bo‘yicha rais o‘rinbosari hamda magistratura dasturlari bo‘yicha assotsiatsiyalashgan dekan lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Shuningdek, u Catholic University of Daeguning Turizm menejmenti kafedrasida professor assistenti sifatida ishlagan, Kyunghee University va Sookmyung Women’s Universityda tadqiqotchi hamda ma’ruzachi sifatida faoliyat olib borgan. Bundan tashqari, Temple University qoshidagi Turizm va elektron tijorat milliy laboratoriyasida tashrif buyuruvchi ilmiy tadqiqotchi sifatida ham faoliyat yuritgan.
Ma’lumot o‘rnida, ikki yil avval markaz laboratoriyasi faoliyatini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish maqsadida koreyalik mutaxassis Jiyeun Choi Koreyaning EWHA womans university medical centerdan Bolalar milliy tibbiyot markazi laboratoriya bo‘limi mudiri sifatida jalb qilingan edi.
Xalqaro mutaxassis faoliyati natijasida markaz laboratoriyasi tahlil natijalarining aniqligi, ishonchliligi va sifat ko‘rsatkichlari bo‘yicha Markaziy Osiyodagi yetakchi laboratoriyalardan biriga aylandi. Shuningdek, 2025-yilda laboratoriya 4 ta yo‘nalish bo‘yicha xalqaro RIQAS sertifikatini qo‘lga kiritdi.
Ta’kidlanganidek, Bolalar milliy tibbiyot markazida xalqaro tajriba va ilg‘or boshqaruv yondashuvlarini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muassasaning tibbiy xizmatlar sifati, boshqaruv samaradorligi hamda xalqaro nufuzini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Xorijiy mutaxassislar bilan yo‘lga qo‘yilayotgan bunday hamkorliklar kelgusida mamlakatimiz tibbiyotida zamonaviy standartlarni keng tatbiq etish, tibbiy turizm salohiyatini yuksaltirish hamda aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mohigul Qosimova, O‘zA