Bolajonlarga quvonch ulashib
Har bir to‘y bolaga homiylar tomonidan velosiped, kostyum-shim va ko‘ylaklar sovg‘a qilinib, bayram dasturxoni yozildi. Bu o‘z navbatida kichkintoylar hamda ularning yaqinlariga unutilmas quvonch ulashdi.
Ehtiyojmand, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalarni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash xalqimizga xos azaliy qadriyatlardan hisoblanadi.
Namanganda Vatanimiz istiqlolining o‘ttiz besh yilligiga bag‘ishlab, "Vaqf" xayriya jamoat fondi tashabbusi bilan 35 nafar bolaga sunnat xatna to‘ylari tashkil etildi.

O‘ziga xos xayriya tadbirida Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi tavsiyasiga asosan shahar va tumanlardan kelgan boquvchisi vafot etgan bolajonlarning xatna to‘ylari ko‘tarinki ruhda nishonlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Namangan viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi Abdulloh domla Samatov ulug‘vor tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan Hukumatimiz va saxovatpesha homiylarga minnatdorlik bildirdi.

Tadbirda yurtimiz tinchlik-barqarorligi, xalqimiz farovonligi, farzandlar baxtu iqbolini so‘rab, duoga qo‘l ochildi.
– Yurtimizda hech kim mehr va e’tibordan chetda emasligini ehson tadbirida his etdik, – deydi tadbirga Uychi tumanidan taklif qilingan Saodat Daminova. – Chunki anchadan beri farzandimni xatna to‘yini qandoq o‘tkazarkanman degan o‘yda yurardim. Shukrkim, biz kabi ijtimoiy muhofazaga muhtojlarni o‘ylaydigan davlatimiz bor. E’tibor va g‘amxo‘rlik uchun “Vaqf” fondi va Ijtimoiy ximoya milliy agentligidan behad minnatdormiz.

Darhaqiqat, bunday xayrli ishlar jamiyatimizda mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik fazilatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri