Bolajonlarga bayram sovg‘alari ulashildi
Imkoniyati cheklangan 280 o‘g‘il-qiz tarbiyalanayotgan mazkur muassasada “KNAUF” xorijiy kompaniyasi vakillari ham bo‘ldi.
Saxovat, mehr qalbga quvvat bag‘ishlaydi. Yangi yil arafasida Buxoro “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan bolalar internat uyiga o‘quvchi-yoshlar, turli mehnat jamoalari tashrif buyurayotgani xalqimizga xos qadriyatlar e’zozining namoyonidir.
Imkoniyati cheklangan 280 o‘g‘il-qiz tarbiyalanayotgan mazkur muassasada “KNAUF” xorijiy kompaniyasi vakillari ham bo‘ldi.
– Biz “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan bolalar internat uyi rahbariyatiga murojaat qilib, ularning ehtiyoji bilan qiziqqan edik, – dedi “KNAUF”ning Buxorodagi korxonasi direktori Dmitriy Deripalko. – Ochig‘i, turli sabablarga ko‘ra, muayyan kemtikliklar bilan dunyoga kelgan o‘g‘il-qizlarning salomatligini tiklash qo‘limizdan kelmaydi. Ammo ularning muammosini hal etishga yordamlashishni lozim topdik. Internatga 30 dona yotoq yarasiga qarshi to‘shak hamda portativ fizioterapiya muolajasini past chastotali tok bilan o‘tkazishga mo‘ljallangan tibbiy apparatni sotib olib, hadya qildik.
Odatda, nogironligi bo‘lgan bolalar alohida qarovga, parvarishga muhtoj. Masalan, to‘la falajga uchragan o‘g‘il va qizlarda qon aylanishi buzilib, mushak tizimi rivojlanmagani sababli, qattiq krovatda yotganda, ular tanasining suyak qismi to‘shakka tegib turgan joylaridagi to‘qimalari yallig‘lanadi va yaralar hosil bo‘ladi. Bu bola organizmida noxush oqibatlarga olib keladi. Shu bois ham maxsus, ya’ni yotoq yarasiga qarshi to‘shaklar falajga chalingan bolalarning parvarishi uchun muhim ahamiyatga ega.
Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi bu muassasaning moddiy-texnik bazasi tobora mustahkamlanib bormoqda. Investitsiya dasturi doirasida 2018-2019 yillarda internat uyida 64 o‘rinli yangi yotoq binosi, yangi dam olish maydonchalari, kir yuvish va dezinfeksiyalash bo‘limi, sport zal qurildi. Shuningdek, mavjud 2 qavatli yotoq binosi kosmetik, tashqi va ichki suv, issiqlik, oqova tizimi mukammal ta’mirlandi. Tarbiyalanuvchilar uchun 2 ta ayvon qurildi hamda boshqa bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Ana shu maqsadlarga davlat tomonidan 7,5 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.
Bundan tashqari, joriy yilda “Muruvvat” va “Saxovat” uylarini qo‘llab-quvvatlash Jamoatchilik kengashi, homiylarning xayriya yordamida maishiy texnika va oziq-ovqat, dori-darmon, kiyim-kechak, xo‘jalik jihozlari olindi.
Ta’kidlash joiz, “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan bolalar internat uyi tarbiyalanuvchilari nafaqat davlat, balki ayni paytda jamoatchilikning e’tiboridadir.