Bolajonlar uchun yangi umid va hayot
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tashabbusi har yili ikki marotaba “Bor mehrimiz senga, bolajon!” shiori ostida beg‘araz donorlik aksiyasi doimiy tarzda o‘tkazilib kelinmoqda.
1-iyun –Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni hamda 3-dekabr – Xalqaro nogironlar kuni o‘tkazilib kelinayotgan beg‘araz donorlik aksiyasini qo‘llab-quvvatlovchilar safi yildan-yilga ortib bormoqda. Jumladan yaqinda Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan uch kun davom etgan xayriya tadbiri davomida hududning turli soha vakillari — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, shahar va tuman Kengashlari deputatlari, partiya faollari, shifokorlar, o‘qituvchilar, talaba-yoshlar hamda davlat xizmatchilari faol ishtirok etishib, muhtoj bolalarga beg‘araz yordam ko‘rsatish tashabbusini qo‘llab-quvvatlashdi.

Aksiya doirasida topshirilgan qon zaxiralari og‘ir xastaliklar bilan kurashayotgan bolalarni davolash, murakkab jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish hamda shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Aksiya davomida jami 314 nafar fuqaro donor sifatida ishtirok etib, shundan 209 donordan 94,05 litr qon jamlandi. Bu natija xalqimiznng ezgu tashabbuslarga befarq emasligi hamda jamiyatda insonparvarlik va mehr-oqibat tamoyillari tobora mustahkamlanib borayotganini ko‘rsatadi.

Tadbir ishtirokchilari bunday tashabbuslar jamiyatda ijtimoiy birdamlikni kuchaytirish, bolalarga mehr va e’tibor ko‘rsatish madaniyatini yanada yuksaltirishga xizmat qilishini ta’kidladi. Har bir topshirilgan qon tomchisi esa og‘ir ahvoldagi bolajonlar uchun yangi umid va hayot baxsh etuvchi ezgu amal sifatida baholandi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri