Bolajonlar uchun sunnat to‘yi o‘tkazildi
Farzand quvonchi — xonadonga, bolalar kulgisi esa butun yurtga fayz bag‘ishlaydi. Guliston shahrida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan 131 nafar bolajon uchun katta sunnat to‘yi tashkil etildi.
Shahar hokimligi tashabbusi bilan ijtimoiy reyestrda turuvchi oilalar farzandlari uchun o‘tkazilgan tantana «Farovon» tantanalar uyida bo‘lib o‘tdi. Bayramona bezatilgan maskanda bolajonlarning shodon kulgisi, ota-onalarning quvonchi va ezgu tilaklari uyg‘unlashib, kunga ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
Tantanaga bolalarning ota-onalari va yaqinlari, nuroniylar, faollar hamda jamoatchilik vakillari tashrif buyurishdi. Bu quvonchli kun ko‘plab oilalar uchun farzandi hayotidagi unutilmas voqealardan biriga aylandi.

Yig‘ilganlar yurtimizda inson qadrini yuksaltirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash, farzandlarning munosib sharoitda ulg‘ayishiga ko‘maklashish borasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlar xususida fikr bildirdilar. Ayniqsa, xalqimizga xos mehr-oqibat, saxovat va hamjihatlik kabi qadriyatlar bugun ham amaliy tashabbuslarda o‘z ifodasini topayotgani ta’kidlandi.

Tantanada ishtirok etgan shahar hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Aziza Payziyeva bolajonlarni qutlug‘ ayyom — mustaqilligimizning 35 yilligi hamda sunnat to‘yi bilan samimiy muborakbod etdi. Yosh avlodga mustahkam sog‘liq, baxtli bolalik, ilm va kasb-hunar egallab, kelajakda yurtga munosib insonlar bo‘lib kamol topishlarini tiladi.
Shundan so‘ng bolajonlarga shahar hokimligi va homiylar tomonidan tayyorlangan to‘y sovg‘alari topshirildi. Kutilmagan sovg‘alar va samimiy e’tibor bolalarning quvonchiga quvonch qo‘shib, ularning yuzida tabassum uyg‘otdi.

— Bugun farzandim Tohirjonning sunnat to‘yi mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligiga hamohang tarzda o‘tkazilayotganidan juda xursandman. Bizga ana shunday quvonchli kunni ulashgan shahar hokimligi va saxovatli insonlarga minnatdorchilik bildiraman. Ilohim, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin. Farzandlarimiz baxtli bo‘lib, kamol topsin. Onalarning niyati ham, tilagi ham aslida shu. Chunki tinch yurtga to‘y ham, bayram ham yarashadi. Shu bois yurtimizga ko‘z tegmasin, — deydi Tohirjonning onasi Marg‘uba Turayeva.

Tantana davomida san’atkorlar ijrosidagi diltortar qo‘shiqlar yangrab, mehmonlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashildi. Bolajonlarning shodligi, ota-onalarning duolari va samimiy tilaklar bilan o‘tgan bayram xalqimizga xos ezgulik va saxovatning yana bir yorqin namunasi bo‘ldi.
Zero, farzandlar baxti — yurt kelajagi. Ularga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik esa ertangi kunga ishonchni mustahkamlaydi. Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida o‘tkazilgan ushbu xayrli tantana 131 nafar bolajonga quvonch ulashib, ularning xotirasida unutilmas kun bo‘lib qoldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri