Bo‘lajak stomatologlar qasamyodi
Toshkent davlat stomatologiya instituti talabalarining talabalikka bag‘ishlov tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda institut ma’muriyati, professor-o‘qituvchilar va talabalar ishtirok etdi.

Yangi o‘quv yilida Toshkent davlat stomatologiya instituti bakalavriati uchun mingga yaqin talaba qabul qilindi.
Tadbirda birinchi kurs talabalari — bo‘lajak tibbiyot xodimlari o‘z kasbiga sadoqat bilan xizmat qilishga qasamyod qildi.

— Oliy maqsadlar bilan ilm dargohiga qadam qo‘ygan talabalarni tantanali ravishda kutib olish an’anaga aylangan, — deydi institut rektori Nodir Haydarov. — Ularning ota-onalari, ustozlari va talabalar oldida qasamyod qabul qilishi chuqur bilim olishga, o‘z kasbining mohiyatini tushunishga undaydi. Ta’lim muassasamiz xalqaro ISO sertifikatiga ega bo‘lib, Butunjahon tibbiy ta’lim federatsiyasi tomonidan xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan. Bu bitiruvchilarimizning diplomi jahon miqyosida tan olinadi, deganidir.

Darhaqiqat, Toshkent davlat stomatologiya institutiga o‘qishga qabul qilingan talabalar xorijdagi tengdoshlari kabi ilg‘or texnologiyalar orqali ta’lim olish, institutning 140 dan ortiq xorijiy hamkor tashkilotlarida o‘z bilim va mahoratlarini oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Tadbirda institut faoliyatiga katta hissa qo‘shgan va yutuqlarga erishgan o‘qituvchilar taqdirlandi. Talabalar tomonidan ijro etilgan ustozlarni madh etuvchi she’rlar va qo‘shiqlar yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA