Bola yana bir bor jabrlanmasligi kerak
Bola jinoyatdan jabrlanganda, uning azob-uqubatlari voqea sodir bo‘lgan payt bilan cheklanib qolmasligi kerak. Tergovda voqeani qayta-qayta so‘zlab berish, og‘ir kechinmalarni yana bir bor eslash yoki gumon qilinuvchi bilan yuzma-yuz kelish bolaning ruhiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu bois jabrlangan bolani himoya qilish nafaqat jinoyatni fosh etish, balki uning qalbi va sha’nini asrashni ham talab etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 14-oktabrdagi «Bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori aynan shu maqsadga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Hujjatda jinoyatdan jabrlangan bolalarning huquqlarini himoya qilish, protsessual harakatlar davomida ularning ruhiy daxlsizligini ta’minlash va malakali huquqiy yordam olish imkoniyatlarini kengaytirishga doir choralar belgilangan.
Mening nazarimda, qarorning eng muhim jihati — bola manfaatlarini tergov va sud jarayonlarida ham ustuvor qo‘yishga intilishdir. Chunki adolatni tiklash jarayoni bola uchun yangi ruhiy sinovga aylanmasligi lozim. Voqeani qayta-qayta bayon qilish zaruratini kamaytirish, bolaning yoshi va ruhiy holatini inobatga olish, uning xavfsiz muhitda ko‘rsatma berishini ta’minlash himoya tizimining muhim vazifasidir.
Qarorda protsessual harakatlarni ixtisoslashtirilgan xonalarda o‘tkazish, bolalar bilan suhbatlashish bo‘yicha maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan mutaxassislarni jalb etish, shuningdek, jarayonlarni audio va videoyozuv orqali qayd etish kabi choralar nazarda tutilgan.
Shuningdek, jabrlangan bolaning gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki ularning yaqinlari bilan bevosita uchrashuviga nisbatan cheklovlar belgilangan. Ushbu chora-tadbirlar bolaning huquq va manfaatlarini himoya qilish, uni ortiqcha ruhiy bosim va takroriy ruhiy jarohatlanishdan asrashga qaratilgan.
Yana bir muhim jihat — bolalarga malakali yuridik yordam ko‘rsatishdir. Jinoyat ishida jabrlanuvchi yoki guvoh sifatida ishtirok etayotgan bola o‘z huquqlarini mustaqil ravishda to‘liq anglab yetishi va himoya qilishi qiyin bo‘lishi mumkin. Shuning uchun bolalar bilan ishlash bo‘yicha maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan advokatlar tomonidan davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatilishi ularning qonuniy manfaatlarini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Qarorda bu chorani 2027-yil 1-yanvardan joriy etish belgilangan.
Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlariga tezkor munosabat bildirish ham himoya tizimining ajralmas qismidir. Shu maqsadda Ijtimoiy himoya milliy agentligining 1246 ishonch telefonini 112 yagona dispetcherlik xizmati bilan integratsiya qilish nazarda tutilgan. Bu murojaatlarni qabul qilish va qayta ishlash imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi. Eng muhimi, bola huquqlarini himoya qilishni faqat aybdorni topish va jazolash bilan cheklab bo‘lmaydi. Jabrlangan bolaning xavfsizligini ta’minlash, uning sha’ni va qadr-qimmatini asrash, ruhiy tiklanishiga ko‘maklashish ham g‘oyatda muhim. Buning uchun davlat idoralari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, psixologlar, advokatlar va jamiyat vakillari hamjihatlikda ishlashi zarur.
Zero, adolat izlab murojaat qilgan bola himoya kutib kelgan tizimning o‘zida yana bir bor jabrlanmasligi shart. Har bir bola o‘zini xavfsiz his qilishga, uning dardi eshitilishiga va huquqlari ishonchli himoya qilinishiga haqli. Bolalarni asrash — nafaqat qonun talabi, balki davlat va jamiyatning vijdoniy mas’uliyati hamdir.
Norbobo Soatov,
O‘zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi Sirdaryo viloyati Kengashi raisi, xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining deputati
O‘zA