Bola oila taftini his qilib yashashi kerak
Joriy yilning 20 fevral kuni Prezidentimiz raisligida ijtimoiy himoya sohasidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda yetim yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy himoyalash bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilishi lozimligiga alohida e’tibor qaratildi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi bosh mutaxassisi Dilnoza Husanova bilan suhbatimiz shu mavzuda bo‘ldi.
— Videoselektorda “ixtisoslashgan tutingan oila” tizimi joriy etilishi belgilandi. Bu tizim qanday amalga oshiriladi va tartibi haqida ma’lumot bersangiz.
— Xalqaro miqyosda bunday oilalar Foster oilalar deb ataladi. O‘zbekistonda ilk joriy etilayotgan bunday oilalarga 3 tagacha bola beriladi. Foster oilalar er-xotin yoki yolg‘iz ayol, yolg‘iz erkak ham bo‘lishi mumkin. Ular o‘zlari yashab turgan uy yoki maxsus taqdim etilgan uylarda tutingan ota-onalik faoliyatini amalga oshiradi. Muhimi, bu insonlarda bolani tarbiyalay olish, mehr berish, g‘amxo‘rlik ko‘rsata olish ko‘nikmasi bo‘lishi va ularning yoshi 30 yoshdan 65 yoshgacha bo‘lishi lozim. Eng asosiysi, psixologiya, pedagogika, tibbiyot yo‘nalishidagi mutaxassislik va maxsus bilimlarga egaligi juda muhim.
Tutingan ota-onalikka nomzodlar Ijtimoiy himoya milliy agentligi qoshidagi Ijtimoiy himoya tizimi xodimlarining malakasini oshirish markazi tomonidan tashkil qilingan maxsus kurslarda o‘qitiladi. Ularga bolalar parvarishi bilan shug‘ullanayotgani sababli mehnat haqi to‘lanadi. Bolalar ta’minoti uchun davlat tomonidan tegishli miqdorlarda moliyaviy yordam belgilanadi.
— Bunday oilalar tashkil qilishning muhim jihati nimada?
— Bugungi kunda Ichki ishlar vazirligi qoshida Voyaga yetmaganlar uchun ijtimoiy huquqiy yordam ko‘rsatish markazlari mavjud. U yerga nazoratsiz yoki qarovsiz qolgan bolalar joylashtiriladi. Bu Markaz yopiq muassasalar turkumidan bo‘lib, u yerda ham qator islohotlar olib borish kerak bo‘ladi. Sababi, u yerda to‘liq davlat ta’minotida bo‘lishiga qaramasdan bola ta’lim va jamiyatdan ajralib qoladi. Tutingan oilalarda esa bola ota-ona mehri, g‘amxo‘rligi, parvarishi ostida oila taftini his qiladi. Muhimi, bola uchun ruhiy jarohat kamroq bo‘ladi. Tutingan oila zo‘ravonlik yoki befarqlik jabrlanuvchisi bo‘lgan, o‘z oilasidan bola sog‘lig‘i va hayoti uchun xavf bo‘lganda ajratib olingan bolalar uchun nafaqat vaqtincha boshpana vazifasini o‘taydi, balki bu bolaga terapevtik va reabilitatsion yordam ko‘rsatadigan maskanga aylanadi.
– Endilikda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yoshlarga ko‘maklashish tizimi ham o‘zgaradi. Ilgari bunday bolalarga 18 yoshgacha ko‘maklashilgan bo‘lsa, endi ularni qo‘llab-quvvatlash 23 yoshgacha etib belgilanadi. Bu amaliyot qanday tatbiq etiladi?
– Savolingizga o‘z hayotimiz misolida javob berib o‘tsam. Qonunchilikda bola 18 yoshdan so‘ng mustaqil deb belgilangan bo‘lsada, hech bir ota-ona farzandini shu yoshdan g‘amxo‘rliksiz tashlab qo‘ymaydi. Bolalarimiz har sohada ota-ona ko‘magi va qo‘llab-quvvatlashiga muhtoj bo‘ladi baribir. Ayniqsa, hech kimi yo‘q, qayerga borishni, kimga suyanishni bilmaydigan yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning bu yoshda yolg‘iz qolishini tasavvur qilib ko‘ring. Endilikda, bunday bolalar “Yoshlarga hamrohlik xizmatlari” asosida 23 yoshgacha qo‘llab-quvvatlanadi.
Ushbu Xizmat tomonidan 23 yoshgacha bola o‘zini tiklab olguniga qadar uning ehtiyojlari o‘rganilib, yakka tartibdagi integratsiya rejasi asosida uni kasb-hunarga o‘rgatiladi. Shu bilan birga, qiziqishi bo‘yicha ta’lim olishi, turar joyga muhtoj bolalarga qonunda o‘rnatilgan tartibda uy-joyga ega bo‘lishi yoki boshqa mulkiy huquqlarini tiklashda, qarindoshlari bilan munosabatlarini tiklash kabi zaruriyati ta’minlanishida ko‘maklashiladi.
– Ijtimoiy xodimlarning bunday voyaga yetmaganlar bilan ishlash sohasida vazifalari nimalardan iborat bo‘ladi?
– Tutingan ota-ona bag‘rida o‘sayotgan bolalarimizni hech kimi yo‘q, deya olmaymiz. Ularning yaqin yoki uzoq bo‘lsa ham qarindoshlari bor. Yaxshimi, yomonmi har bir bola o‘zining ota-onasi kimligini bilishga, u bilan muloqot o‘rnatishga intiladi. Ba’zida esa bolaga davlat tomonidan moliyaviy ko‘mak yoki uy-joy berilganida qarindoshlari paydo bo‘lib qoladi. Hatto ular tomonidan bolaning manfaatlari suiiste’mol qilingan xolatlar bo‘ladi. Ijtimoiy xodimlar bu va boshqa xavf omillaridan 23 yoshgacha bolalarni himoyalash, ularda hayotga moslashishlariga yordam beruvchi ko‘nikmalarni shakllantirish bilan shug‘ullanadi.
— Ijtimoiy yetimlikning oldini olish uchun yana qanday ishlar yo‘lga qo‘yilishi muhim deb hisoblaysiz?
– Eng samarali yo‘li bu ayollar farzandidan voz kechayotgani sabablari, og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolish omillari, vaqtida yordam ko‘rsatilsa bolani ona bag‘rida saqlab qolsa bo‘ladimi kabi jihatlarini o‘rganish. Mana shu mulohazalar ham bevosita chaqaloqlik paytida farzandidan voz kechayotgan ota-onalar bilan ishlashni taqozo etadi. Aynan shu yo‘nalishda ham Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan izlanishlar amalga oshirilmoqda. Bolalar uyi negizida Oilani qo‘llab-quvvatlash xizmatlari bo‘ladi. Xizmatlarni tashkil qilish hisobiga bolalar o‘zining ota-onasiga qaytarilishi faollashadi. Agarda ota-onaga qaytarish imkoni bo‘lmasa, boshqa tutingan oilalarga joylashtirish ishlari amalga oshiriladi.
Shu Xizmat ichida qiyin vaziyatdagi yosh onalarni qo‘llab-quvvatlash, go‘daklar yetim qolishining oldini olish uchun “Onalar maskani” xizmati tashkil etilishi ko‘zda tutilmoqda. Agar ilk farzandini dunyoga keltirayotgan ayollar bolasidan turli sabablar tufayli voz kechish istagini bildiradigan bo‘lsa, “Onalar maskani” uni fikridan qaytarish, bolasiga nisbatan onalik mehri va parvarish ko‘nikmalarini oshirish, uning huquqiy, psixologik, ijtimoiy va boshqa muammolarini hal qilishga ko‘maklashiladi.
Ayollar homiladorlikning 6-oyidan to bir yil davomida “Onalar maskani”ga qabul qilinib, ularda farzandiga nisbatan hissiy bog‘lanishni shakllantirishga ko‘maklashiladi. Shuningdek, bolaning otasi bilan bog‘lanib, uning farzandi oldidagi majburiyatini eslatish, ayoldan voz kechayotgan qarindoshlar bilan ham ishlab, ona-bola va qarindoshlik rishtalarini saqlab qolish yoki tiklashga e’tibor qaratiladi.
Umid qilamizki, bu kabi ishlar ko‘plab bolalarning o‘z oilasi bag‘rida yashab qolishiga ularning ko‘chaga xavf sharoitiga tashlab ketilishining oldini olishga katta yordam beradi.
Zero, qonunchiligimizda har bir bola o‘zining oilasi, ota-onasi bilan birga yashash, ularning g‘amxo‘rligidan foydalanishga haqli ekani belgilab berilgan.
O‘zA muxbiri Nigora Rahmonova suhbatlashdi.