Bola huquqlarini himoyalash sohasidagi muhim o‘zgarish
Yangi farmon
Inson huquqi aslida bola huquqidan boshlanadi. Xalqaro hujjatlarda bola huquqlari bo‘yicha alohida me’yorlar bor. Qolaversa, BMTning eng nufuzli tuzilmalaridan biri – YUNISEF bolalar huquq va manfaatlarini ta’minash bo‘yicha faoliyat yuritadi.
O‘zbekistonda uzoq yillar bolalar huquqlariga oid huquqiy me’yorlar inson huquqlariga oid normalar ichiga kiritilgan. Faqat 2008 yilga kelib ilk bor “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.
2019 yilda esa O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari — Bola huquqlari bo‘yicha vakil lavozimi joriy etildi.
Bola huquqlari bo‘yicha vakil qanday ishlarni amalga oshirdi va bu institut Prezident farmoni bilan nega alohida tuzilmaga aylantirildi? Bu haqda Bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yunusova bilan suhbatlashdik.
– Bola huquqlari bo‘yicha vakil sifatida ishga kirishar ekanmiz, bolalar huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha ishlar qilinayotaniga qaramay, hal etilishi zarur bo‘lgan ko‘plab muammolar ham borligi ayon bo‘ldi, – deydi Aliya Yunusova. – Avvalo, bolalar huquqlari himoyasini kuchaytirish uchun milliy qonunchilikni mustahkamlash zarurati borligi ma’lum bo‘ldi.
Ta’lim, madaniyat, ijtimoiy ta’minot va himoya sohasidagi qonunchilikni yanada takomillashtirish zarurati ayonlashdi. Qashshoqlikni bartaraf etish, aholi turmush darajasini yaxshilash, rivojlanish va teng imkoniyatlarni yaratish, ayniqsa, ayollar va bolalarni zaiflashtiradigan omillar ta’sirini yumshatishga qaratilgan chora-tadbirlar shular jumlasidan.
Jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan, bolalar hamda ular qonuniy vakillarining bola huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishi to‘g‘risidagi murojaatlari ham ushbu sohada qanday muammolar borligini ko‘rsatmoqda.
2020 yil mobaynida Vakil nomiga bola huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishi to‘g‘risida yuzga yaqin murojaat tushdi.
Achinarlisi, Mehribonlik uylari bitiruvchilarining turar joy bilan ta’minlanishi to‘g‘risidagi 12 murojaati mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan javobsiz qoldirilgan.
Qolgan murojaatlar bolaning oilaviy muhitga bo‘lgan huquqi, aliment olish, bolaning turar joyga bo‘lgan huquqi, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning turar joyga bo‘lgan huquqlari buzilishi kabilarni tashkil etdi.
– Murojaatlar qanday hal etildi?
– Murojaatlar davlat hokimiyati organlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda o‘rganilib chiqildi.
Jumladan, Rossiya Federatsiyaga davolanish uchun borgan, ammo pandemiya sabab O‘zbekistonga qayta olmay qolgan bolalar Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda yurtimizga qaytarildi. 3 nafar bola Sankt-Peterburgdan, 4 nafar bola onalari bilan birga Moskvadan O‘zbekistonga olib kelindi.
Fuqaro O.Tomashevskayaning 10 yoshli nogironligi bo‘lgan farzandi ta’limga jalb qilinmagan. Bu borada Xalq ta’limi vazirligi rahbariyatiga murojaat qilib, bolaning ta’lim olish huquqi ta’minlandi.
Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida yashovchi fuqaro N.Yusupova oilasi kam ta’minlangani, farzandiga nogironlik aravachasini olib berishga moddiy jihatdan qiynalayotgani, bolasi o‘zi yura olmasligini bildirib, amaliy yordam berishni so‘rab murojaat qildi. O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi bilan hamkorlikda voyaga yetmagan bolaga nogironlik aravachasi olib berildi. Bunday misollar ko‘p.
– Sir emaski, voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari uchrab turibdi. Bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirildi?
– To‘g‘ri, voyaga yetmagan bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik jinoyati soni ko‘payib bormoqda.
Bola huquqlari bo‘yicha vakil nomiga shunday mazmunda 7 murojaat kelib tushdi. Jumladan, 14 yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmagan qizlarning jinsiy zo‘rlanishi Qashqadaryo, Andijon, Sirdaryo viloyatlari hamda Toshkent shahrida ro‘y berdi.
Masalan, Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida 8-sinf o‘quvchisi ammasining 53 yoshli turmush o‘rtog‘i T.S. tomonidan zo‘rlanganligi holati yuzasidan Jinoyat kodeksining 128-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Sudda T.S.ga 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Ayni paytda voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan zo‘ravonlik, jinsiy tajovuz qilganlik uchun jazolarni kuchaytirish bo‘yicha ish olib borilmoqda.
Bola huquqlari bo‘yicha vakil murojaatlar yuzasidan 8 marotaba o‘zi va vakili orqali sud protsesslarida ishtirok etdi.
Bola huquqlarini ta’minlash, voyaga yetmaganlarga oid qonun xujjatlari ijrosi nazoratini o‘tkazish va tegishli organlar bilan hamkorlikda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan davlat boshqaruvi va huquqni muhofaza etuvchi organlarga 47 so‘rov jo‘natildi.
Bundan tashqari, asab-ruhiy kasalliklari dispanserlari va shifoxonalari, bolalar uylari, “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan bolalar uchun internat uylari, “Mehribonlik” uylari, bolalar shaharchalari, voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlari, Respublika ixtisoslashgan o‘quv-tarbiya muassasalari, jazoni ijro etish muassasalarida ham o‘rganishlar olib borilmoqda. Monitoring natijalari yuzasidan 10 ga yaqin xulosa va takliflar yuqori tashkilotlarga yuborildi.
– Davlatimiz rahbarining 2021 yil 9 avgustdagi “Bola huquqlarining kafolatlarini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan ushbu sohada qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?
– Mazkur farmon bilan O‘zbekistonda bola huquqlarini himoyalash sohasida muhim o‘zgarish yuz berdi.
Chunki farmon bilan Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili instituti ta’sis etildi.
Ma’lumki, Bola huquqlari bo‘yicha vakil bungacha Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman)ning o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi.
Endilikda Bolalar ombudsmani o‘z vakolatlarini mustaqil hamda davlat organlari, ularning mansabdor shaxslariga tobe bo‘lmagan tarzda amalga oshiradi.
Bolalar ombudsmani Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan besh yil muddatga saylanadi. Mazkur lavozimga nomzod O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari ko‘rib chiqishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan kiritiladi.
Shuni ham aytib o‘tish kerakki, Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasi Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiyaga aylantirildi.
– Milliy komissiyaga qanday vazifalar yuklatildi?
– Milliy komissiya bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari, uning sog‘lom turmush tarzini ta’minlashga mas’ul etib belgilandi. Shu bilan birga, bolalarning jismoniy, intellektual, ma’naviy va axloqiy kamol topishiga ko‘maklashish, bolaning ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lishining oldini olish choralarini ko‘radi. Bolalar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida davlat dasturlari va boshqa dasturlar ishlab chiqilishini hamda amalga oshirilishini, shuningdek, ularning ijrosi ustidan nazoratni tashkil etadi.
Bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida ko‘rilayotgan choralarni baholash, monitoring qilish va samaradorligini oshirish, tizimli kamchiliklarning sabab va shart-sharoitlarini aniqlash, tahlil qilish hamda ularni huquqni qo‘llash amaliyoti va qonun hujjatlarini takomillashtirish yo‘li bilan bartaraf etish ham komissiya zimmasida bo‘ladi.
Bolalar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasiga oid ma’lumotni to‘plash, saqlash, qayta ishlash, tahlil qilish hamda tegishli organlar va muassasalar faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida ulardan foydalanish, davlat organlari va tashkilotlarning, shuningdek, hududiy komissiyalarning bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha ham Milliy komissiya ish olib boradi.
Bolalar ombudsmani bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ishonchli himoya qilinishini ta’minlaydi. Ularning ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lishining oldini olish, davlat organlari va boshqa tashkilotlar, ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalari va tarbiya koloniyalari faoliyatida bola huquqlariga rioya etilishini monitoring qiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, bolalar huquq va manfaatlarini himoyalash va ta’minlash bo‘yicha maxsus tuzilmalar faoliyat yuritishi bilan birga, bu ishlar sifatli amalga oshirilishi uchun ko‘maklashadigan va ayni vaqtda nazorat monitoringini amalga oshiradigan mustaqil yangi institut faoliyat yuritadi. Bu ushbu sohada sifatli, amaliy natijalar ko‘rsata oladigan, muhimi, hech bir bolani e’tibordan chetda qoldirmaydigan tizim ishlashini ta’minlaydi.
O‘zA muxbiri
Norgul ABDURAIMOVA
suhbatlashdi.