Bokuda kiberdiplomatiya bo‘yicha II xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi
"AzerTAJ" xabar berishicha, joriy yil 19-noyabr kuni Ozarbayjonning Maxsus aloqa va axborot xavfsizligi davlat xizmati va Ruminiya Milliy informatika ilmiy-tadqiqot instituti hamkorligida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Tashqi ishlar vazirligi, Raqamli rivojlanish va transport vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati va boshqa mahalliy hamkorlar ko‘magida Boku shahrida II Xalqaro kiber diplomatiya konferensiyasi (ICCD-2026) bo‘lib o‘tadi.
Bu yilgi anjuman mavzusi – "Sun’iy intellekt davrida kuch va ta’sir: kiber makonning o‘zgaruvchan manzarasiga mintaqaviy nazar".
Konferensiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad shiddat bilan o‘zgarib borayotgan texnologik va geosiyosiy muhitda kiber makon kelajagiga oid umumiy mintaqaviy va xalqaro qarashni shakllantirish, shuningdek davlatlar, xalqaro tashkilotlar, ekspert doiralari va xususiy sektor hamkorligi va muloqotini mustahkamlashga ko‘maklashishdir.
Kiber diplomatiya bo‘yicha birinchi xalqaro konferensiya 2024-yil 30 dan ziyod davlatning 120 ga yaqin vakili ishtirokida o‘tkazilgan.
Bunday nufuzli tadbirga an’anaviy mezbonlik Ozarbayjonning sohadagi xalqaro hamkorlikdan manfaatdorligi, ushbu yangi yo‘nalishni rivojlantirish uchun qulay maydon taklif etishga tayyorligini ko‘rsatadi.
Texnologiya, geosiyosat va dunyo xavfsizligiga doir o‘zgarishlarni muhokama qilish uchun yuqori darajali global platforma bo‘lib xizmat qiladigan “ICCD-2026” xalqaro konferensiyasida taniqli xorijiy ekspertlar, mamlakatda ro‘yxatdan o‘tgan elchi va diplomatlar, qator xalqaro tashkilotlar vakillari ishtiroki rejalashtirilgan.
Dasturga muvofiq, sun’iy intellektning xalqaro munosabatlar va diplomatiyaga ta’siri, kiber ittifoq va strategik muxtoriyat o‘rtasidagi muvozanat, yirik texnologiya kompaniyalarining geosiyosiy kuch sifatidagi mavqei ortib borayotgani, axborot urushi va “deepfake” texnologiyasi keltirib chiqaradigan tahdidga qarshi kurash, kiber makonda ishonchni shakllantirish va davlatlar mas’uliyatli hatti-harakatini rag‘batlantirish, shuningdek muhim infratuzilmani himoya qilish va transchegaraviy xatarni boshqarish kabi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashiladi.
Abdug‘afur Mamatov, O‘zA