Boks: sarhisob va rejalar
Andijonda Oʻzbekiston boks federatsiyasining sayyor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Andijonda Oʻzbekiston boks federatsiyasining sayyor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston boks federatsiyasining 2019-2020 yillarga moʻljallangan asosiy vazifalariga bagʻishlangan sayyor yigʻilishda federatsiya mutasaddilari, Andijon, Fargʻona va Namangan viloyatlari boʻlimlari rahbarlari, boks maktablari murabbiylari, mutaxassislari, sohaga aloqador tashkilotlar vakillari, olimpiada hamda jahon chempionatlari gʻoliblari, sovrindorlari ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari Oybek Qosimov va boshqalar mamlakatimizda boks sohasida yuqori natijaga erishilayotgani, turli yosh toifasidagi, qolaversa, professional bokschilarimiz tomonidan xalqaro musobaqalarda ulkan yutuqlar qoʻlga kiritilayotgani, oʻzbek boks maktabi jahon miqyosida alohida eʼtirof etilayotgani taʼkidlandi.
Yigʻilishda federatsiya va uning mintaqaviy boʻlimlari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, federatsiya boʻlimlariga salohiyatli, jonkuyar va malakali mutaxassislarni jalb etish, sportchilar, hakamlar bilan ishlash, malakali hakamlarni tayyorlash, oʻtkaziladigan musobaqalar sifati va saviyasini yanada oshirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, umuman, oʻzbek boksini yanada rivojlantirish, mavjud muammolarni bartaraf etish masalalari muhokama qilindi.
– Oʻzbekistonda boksning rivoji va ommaviyligini yanada yuqori darajaga koʻtarish, xalqaro musobaqalarda erishilayotgan gʻalabalar salmogʻini oshirish, oʻzbek boksining obroʻsi va nufuzini mustahkamlash, iqtidorli yosh sportchilarni tayyorlash maqsadida oldimizga muhim vazifalar qoʻyganmiz, – deydi Oʻzbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Saken Poʻlatov. – Bu boradagi ishlar tizimli va reja asosida olib boriladi.
Shuningdek, yigʻilishda federatsiyaning Andijon, Fargʻona, Namangan viloyatlari boʻlimlari rahbarlarining boksni rivojlantirish, yosh sportchilarni tayyorlash, amalga oshirilayotgan ishlar boʻyicha maʼruzalari tinglandi.
– Oʻziga xos anʼana va ilgʻor tajribaga ega Andijon boks maktabi tarbiyalanuvchilari tomonidan keyingi yillarda jahondagi barcha nufuzli turnirlarda sovrinli oʻrinlar qoʻlga kiritildi, – deydi Oʻzbekiston boks federatsiyasi Andijon viloyati boʻlimi raisi oʻrinbosari Konstantin Kostin. – Bu bejiz emas, albatta. Taʼkidlash kerakki, viloyatda bu boradagi ishlar tizimli yoʻlga qoʻyilgan, boksni rivojlantirish uchun barcha sharoit yaratilgan, oʻz ishini yaxshi biladigan malakali mutaxassislar faoliyat olib bormoqda.
Sportchilarning jismoniy, ruhiy holatini oʻrganish asosida mamlakatimiz terma jamoasini, uning zaxirasini shakllantirish, hududlardan iqtidorli yoshlarni izlab topish, seleksiya ishlarini yuksaltirish, istiqbolli yosh bokschilarning elektron maʼlumotlar bazasini yaratish, yuqori natijalarga erishayotgan bokschilarni ragʻbatlantirish maqsad qilindi. Shuningdek, malakali murabbiylar tayyorlash, ularni qoʻllab-quvvatlash, xalqaro darajada malaka oshirishiga koʻmaklashish, AIBA xalqaro klassifikatsiyasiga ega hakamlar safini kengaytirish, Osiyo boks konfederatsiyasi, Xalqaro boks uyushmasi va boshqa xalqaro tuzilmalar bilan hamkorlikni kuchaytirish, zamonaviy boksdagi yangilik va anʼanalarni doimiy oʻrganib borish, yurtimizda xalqaro turnirlar oʻtkazish koʻlamini kengaytirish, ayollar boksini rivojlantirish boʻyicha belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash yuzasidan taklif va fikr-mulohazalar bildirildi.
Yigʻilishda Oʻzbekiston boks federatsiya Andijon viloyati boʻlimi raisligiga Zaynobiddin Ayubjonov saylandi.