Bojxonachilarimiz ham saylovda faol ishtirok etmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi mamlakatimiz hayotidagi g‘oyat muhim ijtimoiy-siyosiy voqea hisoblanadi. Chunki, bu davlat rahbari - Prezidentni saylash bilan bog‘liq o‘ta mas’uliyatli jarayondir. Zero, mamlakatimiz kelajagi, uning yanada taraqqiy topishi davlat rahbari lavozimiga eng munosib nomzodni saylash hamda bu jarayonda saylovchilar qabul qiladigan qarorga bog‘liqdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni demokratik tarzda ochiq va oshkora o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Bugun bo‘lib o‘tayotgan Prezident saylovi milliy saylov amaliyoti va xalqaro saylov me’yorlariga mos ravishda qabul qilingan saylov qonunchiligi asosida o‘tkazilmoqda.
Ayni damda Davlat bojxona qo‘mitasining Bojxona institutida ovoz berish jarayoni qizg‘in kechmoqda. Institut kursantlari o‘zlari uchun munosib nomzodga ovoz bermoqda.

Ushbu 429-saylov uchastkasida 331 nafar saylovchi ro‘yxatga olingan.
– Saylovda ilk bor ishtirok etmoqdaman. Hozirgina o‘zim uchun munosib, deb topgan nomzodga ovoz berdim, - deydi biz bilan suhbatda institutning 3-kurs kursanti Sobitxon Usmonov. - bugungi saylovda ishtirok etishim nafaqat o‘z taqdirimga, balki yurtimiz taqdiriga daxldor, deb bilaman. Mening ovozim ahamiyatga ega ekanligini his qilishning o‘zi katta baxt.

- Saylov va saylovoldi jarayonlarida biz uchun barcha sharoitlar muhayyo qilindi.- deydi 2-kurs kursanti Hilola Sotvoldiyeva. - Saylovoldi targ‘ibot tadbirlari, saylov uchatkasidagi ko‘rgazmali vositalar orqali yetarlicha ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Shulardan kelib chiqib, bugun o‘z qarorimni qabul qildim va ovoz berdim.
Ha, bugun xalqimiz o‘z konstitutsiyaviy huquqidan foydalanib, o‘zi tanlagan, o‘zi munosib deb bilgan nomzod uchun ovoz bermoqda. Bojxona instituti kursantlari ham ertangi kuniga, kelajagiga befarq bo‘lmay, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi uchun ovoz bermoqda.
Fayzullo Yahyoyev, O‘zA