Bojxonachilar tarbiyalanuvchilar quvonchiga sherik bo‘ldi
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan “Vatan uchun, xalq uchun, millat uchun" shiori ostida mamlakatimiz bo‘ylab turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Ayni kunlarda Nukus shahridagi “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan ayollar internat uyida ham bayram shukuhi kezib yuribdi. Bayram arafasida bu yerda tarbiyalanuvchilar orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularning jismoniy salomatligini mustahkamlash maqsadida sport musobaqalari tashkil etildi.
Estafeta o‘yinlarida faol ishtirok etgan tarbiyalanuvchilarning tezkorligi va harakatlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi xodimlari hamda muassasa ma’muriyati tomonidan adolatli baholanib borildi.
Sport musobaqalari bayram tadbiriga ulanib ketdi. Unda madaniyat sohasi vakillari tomonidan Ona Vatanni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar guldastasi taqdim etildi.
Tadbirda muassasa tarbiyalanuvchilari ham faol ishtirok etib, o‘z ijodiy qobiliyatlarini namoyish etishdi. Bojxona xodimlari tarbiyalanuvchilarni bayram bilan qutlab, ularga sovg‘alar ulashdi.
Ta’kidlash joizki, bunday tadbirlar ishtirokchilarning sog‘lom va mazmunli hayot kechirishlariga xizmat qiladi. Ularning jamoadagi do‘stona munosabatlarini yanada mustahkamlaydi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri