Bojxonachilar tadbirkorlik sub’ekti faoliyatini o‘rgandi
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i B. Muratov oziq-ovqat sanoati va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashga ixtisoslashayotgan “BCT Cluster Fat and Oil” MCHJ faoliyati bilan tanishdi.
Sayyor o‘rganishlar avvalida bojxona mutaxassislari tomonidan “Bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimi hamda “Eksport uch qadamda” tizimining afzalliklari korxona vakillariga tushuntirildi.

Korxonaning yog‘-moy mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashganligi inobatga olinib, aynan zaytun yog‘i ishlab chiqarish va uni eksportga yo‘naltirish borasida muhim tavsiyalar berildi.
Bojxona mas’ullari Respublikamizda yog‘-moy ishlab chiqarish yo‘nalishida yetakchi korxonalardan biri bo‘lishi kutilayotgan ushbu korxona faoliyati bilan yaqindan tanishishi barobarida tadbirkorlik sub’ektiga bojxona bilan bog‘liq masalalarda amaliy ko‘mak berishga hamisha tayyor ekanliklarini ta’kidlashdi.

Ma’lumot uchun: “BCT Cluster Fat and Oil” MCHJ joriy yilning sentyabr oyiga qadar ishga tushirilib, 150 nafar fuqaroni doimiy ish bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri