Bojxonachilar ogohligi qo‘l keldi
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi “Buxoro aeroporti” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan uchuvchisiz uchadigan apparatni (dron) noqonuniy saqlab, o‘zi bilan xorijiy davlatga olib chiqishga uringan shaxslar to‘xtatib qolindi.
Unda “Buxoro-Istambul” yo‘nalishida harakatlanayotgan 2 nafar yo‘lovchining xatti-harakatlari hamda qo‘l yuklarining rentgen tasvirlari bojxona xodimlarida shubha uyg‘otganligi sababli tegishli tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazilgan.
Natijada mazkur fuqarolar o‘zlari bilan qiymati 16,7 million so‘mlik hamda 11,1 million so‘mlik uchuvchisiz uchadigan apparatlarni olib chiqishga harakat qilganda to‘xtatib qolindi. Mazkur holatlar yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Ma’lumot uchun, “Buxoro aeroporti” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida 4 ta holatda xuddi shunday qonun buzarlik holatiga chek qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan, uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish, — uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Zarif Komilov,
O‘zA