Bojxonachilar ishlab chiqaruvchilar huzurida
Jizzax viloyati bojxona boshqarmasi rahbariyatining navbatdagi sayyor uchrashuvi “Elmas Hali” mas’uliyati cheklangan jamiyatida tashkil etildi.
Faoliyatini boshlaganiga hali ko‘p bo‘lmagan mazkur korxonada ayni paytda 100 nafarga yaqin fuqaro doimiy ish bilan ta’minlangan. MCHJ jamoasi sifatli gilamlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi bilan xaridorlarni o‘ziga jalb qilolganini alohida ta’kidlash joiz. Ko‘p vaqt o‘tmay, ishlab chiqariladigan mahsulotlar uchun yaqin va olis xorijiy davlatlardan ham buyurtmalar qabul qilina boshladi.

Joriy yilning shu davriga qadar “Elmas Hali” MCHJ tomonidan qiymati 108 ming dollarlik gilam mahsulotlari chet davlatlarga eksport qilingani alohida e’tiborga loyiq.

Bojxona mas’ullari korxona faoliyatini o‘rganar ekan, bu kabi gilamlar ishlab chiqarish hajmini va eksport ko‘lamini yanada kengaytirish hamda yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha o‘zlarining zarur maslahat va tavsiyalarini berdi.


Shuningdek, uchrashuv doirasida korxona mas’ullariga sohada joriy qilingan “Bojxona hududida qayta ishlash” rejimi, uning eksportyor-importyor korxonalar uchun afzalliklari hamda bojxona to‘lovlarida berilayotgan imtiyozlar haqida atroflicha tushunchalar berishdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari