Bojxona tekshiruvlaridagi qonunbuzarliklar fosh etilmoqda
Amaldagi tartiblarga ko‘ra, tijorat maqsadi uchun mo‘ljallangan biologik aktiv moddalarni mamlakatimizga olib kirish uchun maxsus elektron tizim orqali ruxsatnoma olinishi talab etiladi. Bunda eng, avvalo, bu turdagi mahsulotlarning xavfsizlik sertifikati bo‘lishi, shuningdek, mazkur mahsulotlarning qadog‘ida davlat tilida ma’lumotlar qo‘yilishi talab qilinadi.
Biroq mazkur tartiblarga rioya qilinmayotgan holatlar ko‘p uchramoqda. Xususan, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “Navoiy” chegara bojxona postida ushbu talablarga zid ravishda biologik faol qo‘shimchalar, dori vositalarini olib kirishga urinish holati fosh qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi boshqaruvidagi yengil avtotransport vositasiga ulangan tirkamadagi sumka va bagajlarni bojxona ko‘rigidan o‘tkazish davomida 12 nomdagi biologik faol qo‘shimchalar va dori vositalarini bojxona nazoratiga taqdim qilmasdan turib, olib kirishga urinish bartaraf etildi. Unda 11 ming 455 quti va kon-valyutadagi mazkur tovarlarning umumiy qiymati dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 521 million so‘mni tashkil qilmoqda.

Xuddi shu kabi holat viloyat bojxona boshqarmasining “Yallama” chegara bojxona postida ham fosh qilindi. Yengil avtotransport vositasida kirib kelgan qo‘shni davlat fuqarosiga tegishli qo‘l yuklari belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganida, ushbu shaxs ham yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida va bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovida ma’lum qilmasdan turib, 8 nomdagi 461 quti biologik faol qo‘shimchalarni olib kirishga uringani aniqlandi. Mazkur tovarlarning umumiy qiymati esa dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 105 million so‘mni tashkil qilmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, jismoniy shaxslarga boshqa davlatlardan shaxsiy ehtiyojlari uchun olib kirilayotgan bu kabi jo‘natmalar ya’ni suyuq holatida va sirop shaklida – 10 ta flakonda, kukun holatida – 0,5 kilogramm, tabletka ko‘rinishida – 100 dona, kapsula ko‘rinishida – 100 dona yoki 4 quti, o‘simlik guli, tana qismi va ildizining quritilgan holatida bo‘lsa, 0,5 kilogramm biologik faol qo‘shimchalar uchun ruxsatnoma talab etilmaydi.
Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.
A.Musayev, O‘zA