Bojxona: o‘rganish ishlari olib borilmoqda
Bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari O.Choriyev Buxoro viloyati bojxona boshqarmasida sohani takomillashtirish uchun joriy etilayotgan islohotlar amaliyotda qay darajada qo‘llanilayotganligini o‘rganish maqsadida sayyor o‘rganish ishlarini olib bormoqda.
Dastlabki o‘rganish ishlari “Olot” chegara bojxona postidan boshlandi. O.Choriyev va viloyat bojxona boshqarmasi mas’ullari Turkmaniston va O‘zbekiston Respublikalarini bog‘lovchi mazkur chegara bojxona postidan o‘rta hisobda bir kunda “kirish” hamda “chiqish” yo‘nalishlarida 600 dan ortiq avtotransport vositasi hamda 700 ga yaqin fuqaro harakatlanishini inobatga olib, bojxona postidan harakatlanayotgan har bir fuqaroga xushmuomalada bo‘lish bilan birga belgilangan bojxona qonun- qoidalariga to‘liq rioya qilinishi zarurligini ta’kidladi.

Shuningdek, o‘rganish ishlari bojxona organlari faoliyatini yanada optimallashtirish maqsadida amalga oshirilayotganligidan kelib chiqqan holda yuk avtomashinalari haydovchilari va fuqarolar bilan mavzu doirasida fikr va takliflar o‘rganildi.
Bojxona postida o‘rnatilgan inspeksiyaviy ko‘rik majmualaridan unumli foydalanish, shubhali tovarlar aniqlangan taqdirda bojxona postida xolislar ishtirokini ta’minlagan holda bojxona ko‘rigini belgilangan tartiblar asosida o‘tkazish kerakligi aytildi.

E’tiborlisi, sayyor o‘rganishlar davomida yashirin iqtisodiyot va uning davlat byudjetiga salbiy ta’sirining oldini olish va unga qarshi kurashish, tadbirkorlik sub’ektlarining qonuniy manfaatlarini himoya qilish bojxona organlarining asosiy vazifalaridan biri ekanligiga ahamiyat qaratildi. Bojxona posti orqali kontrabanda ashyolarini yashirin holda olib o‘tishga urinishlar bo‘lishi va ularga qarshi samarali kurash borasida O. Choriyev o‘zining ko‘p yillik tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
Shuningdek, Investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash hamda ularga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida Bojxona qo‘mitasi bojxona auditi boshqarmasi boshlig‘i U.Qosimov boshchiligidagi ishchi guruhning navbatdagi sayyor uchrashuvi Buxoro shahridagi “Buxoro Zarhal Teks” va “Rushan teks” mas’uliyati cheklangan jamiyatida bo‘ldi.

“Buxoro Zarhal Teks” korxonasi tomonidan 2024 yil davomida 4,5 million dollarlik “Aralash tolali to‘qima matolarni va ip-kalavalarni bo‘yashni tashkil etish” hamda “Rushan teks” korxonasi tomonidan 5 million dollarlik “Gazlama ishlab chiqarishni kengaytirish” loyihalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobidan amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda mazkur loyihalar bo‘yicha ishlab chiqarish bino va inshootlari, infratuzilma ob’ektlarida qurilish-montaj ishlari amalga oshirilayotganligi bilan bir qatorda, Germaniya, Xitoy va Koreya davlatlaridan olib kelinadigan texnologik asbob-uskunalarni import qilish, buyurtma qilingan dastgohlarni o‘rnatishga zarur shart-sharoitlar hozirlanmoqda.

Mazkur to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalarni to‘liq o‘zlashtirish natijasida qo‘shimcha jami 200 ta ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Yil yakuniga qadar mazkur korxona to‘liq quvvatlarda ishga tushirilishi va ishlab chiqarilgan mahsulotlarning asosiy qismini Yevropa davlatlariga eksportga yo‘naltirish maqsad qilingan.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri