Bojxona nazoratidan yashirilgan mahsulotlar aniqlandi
Navoiy viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi, Shaxsiy xavfsizlik guruhi xodimlari va DXX Navoiy viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda bojxona nazorati ostida bo‘lgan tovarlarni manzil bojxona postiga yetkazmasdan, yashirin ravishda tushirish holati aniqlandi.
Tadbir davomida transport vositasi tekshirilganda, hujjatlarda ko‘rsatilmagan, umumiy qiymati 480 million 230 ming so‘m bo‘lgan, og‘irligi 1 700 kilogrammni tashkil qiluvchi 43 turdagi 2 676 dona qishloq xo‘jaligi texnikasi ehtiyot qismlari aniqlanib, belgilangan tartibda vaqtincha saqlovga olindi.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 182-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri