Bojxona malikalari sharaflandi
Oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va ko‘rki bo‘lgan xotin-qizlarni e’zozlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish xalqimiz uchun azal-azaldan buyuk qadriyat bo‘lib kelgan.
Yurtimizga kirib kelishi mumkin bo‘lgan har qanday xavf-xatar, noqonuniy tovar, qurol-yaroq, giyohvandlik vositalarini hushyorlik bilan nazorat qilishga chog‘langan Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi ayol xodimalari tomonidan tovar moddiy boyliklarning bojxona chegarasidan noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yilib kelinmoqda.

8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasida bayram tadbiri o‘tkazildi. Dastlab, Bojxona qo‘mitasida videokonferensiya orqali bayram tadbirida qo‘mita Raisi, bojxona xizmati general-mayori A.Mavlonov bayram munosabati bilan ishtirokchilarga bayram tabrigini o‘qib eshittirdi hamda bugungi kunda bojxona sohasida sadoqat bilan xizmat qilayotgan ayol xodimalarni samimiy tabrikladi. Shundan so‘ng, boshqarma rahbariyati boshqarmada faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarni ulug‘ ayyom bilan samimiy tabriklab, xotin-qizlarning jamiyatda, oilada tutgan o‘rni beqiyos ekanligini e’tirof etdi.

Tadbirda boshqarmada samarali mehnat qilayotgan hamda mardonavor xizmat olib borayotgan ayol xodimalar Bojxona qo‘mitasi Raisining tegishli buyrug‘i bilan faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Shuningdek, o‘tkazilgan sport musobaqalarida faxrli o‘rinni egallagan ayollar va barcha xotin-qizlarga bayram sovg‘alari topshirildi.
Sh.Suyarov, O‘zA