Bojxona faoliyatida sun’iy intellekt imkoniyatlari kengaymoqda
Bugungi kunda barcha soha va tarmoqlarda raqamlashtirish va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Jumladan, bojxona tizimiga ham zamonaviy axborot texnologiyalari keng joriy etilib, bojxona sohasini ochiqlik, shaffoflik hamda ishonchlilik tamoyillari asosida korrupsiyadan xoli tizimga aylantirishga e’tibor berilmoqda. Endilikda sohada zamonaviy texnologiyalardan foydalanish ko‘lami yanada kengaymoqda.
Bugun Bojxona qo‘mitasi tomonidan aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga xizmat ko‘rsatishda raqamlashtirish va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda Bojxona qo‘mitasi Raisi o‘rinbosari hamda tegishli boshqarma boshliqlari tomonidan sohada tashqi savdo ishtirokchilari uchun joriy etilayotgan yangi elektron xizmatlar, bojxona rasmiylashtiruvini avtomatlashtirish natijalari hamda nazorat-tahlil jarayonlarida sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish istiqbollari haqida ma’lumotlar berildi.
— So‘nggi yillarda davlatimiz rahbari boshchiligida bojxona sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor natijasida tizim faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan muhim hujjatlar qabul qilinmoqda, — dedi Bojxona qo‘mitasi Raisi o‘rinbosari N.Musamuhamedov. — Jumladan, 2026-yil 27-avgustda qabul qilingan “Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish va bojxona ma’murchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni bojxona organlarini zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish orqali “Intellektual bojxona”ga transformatsiya qilish, sohada ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashda muhim hujjat bo‘ldi. “Yangi O‘zbekiston bojxonasi – 2030” strategiyasi tasdiqlanib, unda 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan muhim vazifalar belgilab berildi. Jumladan, 2030-yilga qadar raqamli texnologiyalarni rivojlantirish orqali inson omilisiz bojxona rasmiylashtiruvi ko‘lami 60 foizga, bojxona tushumlarining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 4,4 foizga yetkazish, bojxona rasmiylashtiruvi vaqtini ikki barobarga qisqartirish, bojxona xizmatlari sifatini yaxshilash va tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarining bojxona organlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash asosiy maqsad qilib belgilangan.
[gallery-31858]
Matbuot anjumanida qayd etilganidek, sohani raqamlashtirish hisobiga eksport deklaratsiyalarining 94 foizi yoki 266 mingtasi, import deklaratsiyalarining 90 foizi yoki 491 mingtasi soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirildi. Bunda 185 mingdan ortiq (eksportda 43%, importda 11%) eksport va import deklaratsiyalarining rasmiylashtiruvi inson omilisiz amalga oshirildi. Birgina 2025-yilda sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar ko‘magida 150 mlrd so‘m bojxona to‘lovlari davlat byudjetiga undirilgan.
Bojxona tartibotlarini soddalashtirish orqali 8 mingta eksportyor hamda 51 mingta importyorning ortiqcha sarf-xarajati va vaqti tejalishiga erishildi.
Anjuman davomida Bojxona qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan “Integratsiyalashgan tarif” interaktiv xizmatining yangi versiyasi taqdimot qilindi. Unga ko‘ra, zamonaviy texnologiyalar, jumladan, sun’iy intellekt elementlaridan foydalangan holda axborot qidirish, tarif va notarif choralarni bilish imkoniyati joriy etilgan.
Ya’ni, endilikda biron tovarning rasmini ushbu raqamli platformaga kiritib, tovar kodini, uning bojxona to‘lovi qancha bo‘lishini, qanday hujjatlar yoki ruxsatnomalar kerakligini bilish mumkin. Shu bilan birga, boshqa davlatlarda bu tovarga qanday bojxona talablari qo‘yilgani haqida ham ma’lumot olish mumkin.
Bundan tashqari, “maslahatchi-auditor” tamoyili asosida bojxona auditning profilaktik yo‘nalishi kuchaytirilib, kamchilik aniqlangan holatlarda tadbirkorga uni mustaqil bartaraf etish imkoni beriladi. Ya’ni, bojxona nazoratining vazifasi nafaqat huquqbuzarlik yoki kamchilikni aniqlash, balki tadbirkorga uni o‘z vaqtida to‘g‘rilash uchun sharoit yaratishni ham qamrab olmoqda.
Bu jarayonda sun’iy intellektdan foydalanish esa bojxona auditining tahliliy imkoniyatlarini yanada kengaytirishi kutilmoqda. “Bojxona auditi” axborot tizimida joriy etilishi rejalashtirilgan “AI-tahlil” texnologiyasi deklaratsiyalar, tijorat hujjatlari, tovarlar, to‘lovlar va tashqi iqtisodiy operatsiyalarga oid ma’lumotlarni o‘zaro taqqoslab, ehtimoliy tafovut va xavflarni avtomatik aniqlash imkonini beradi.
Matbuot anjumanida qayd etilganidek, bojxona sohasida joriy etilayotgan bu kabi raqamli yechimlar tadbirkorlar, tashqi savdo ishtirokchisi uchun yagona va qulay raqamli muhitni shakllantirish, yengilliklar yaratishga, vaqtni tejash va ish hajmini kamaytirishga xizmat qiladi.
Matbuot anjumani davomida ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildi, mazkur raqamli platformani yanada takomillashtirish va uni tadbirkorlar, aholi o‘rtasida targ‘ib etish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Muhtarama Komilova, Asliddin Alijonov (surat), O‘zA