Bog‘lar – to‘kinlik va baraka manbai
Bunyodkorlik, yaratuvchanlik va obodonchilik – xalqimizga xos ezgu fazilatlardan. Navro‘z ayyomini nishonlashga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilayotgan shu kunlarda shaharu qishloqlarimizda, mahallalarda o‘tkazilayotgan hasharlar, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish tadbirlarida ushbu milliy qadriyatlarimiz yanada keng namoyon bo‘lmoqda.
Bunyodkorlik, yaratuvchanlik va obodonchilik – xalqimizga xos ezgu fazilatlardan. Navro‘z ayyomini nishonlashga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilayotgan shu kunlarda shaharu qishloqlarimizda, mahallalarda o‘tkazilayotgan hasharlar, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish tadbirlarida ushbu milliy qadriyatlarimiz yanada keng namoyon bo‘lmoqda.Mamlakatimizda yangi bog‘lar barpo etish, ularni kengaytirish va mavjud mevazoru uzumzorlarning hosildorligini oshirishda davlatimiz rahbarining 2006-yil 11-yanvardagi «Meva-sabzavotchilik va uzumchilik sohasini isloh qilish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori dasturilamal bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligidan ma’lum qilishlaricha, yurtimiz bog‘ va tokzorlarida bahorgi ishlar qizg‘in davom etmoqda. Shu kunga qadar qariyb bir ming besh yuz gektar maydonda yangi, intensiv bog‘ va ming gektardan ortiq maydonda uzumzor yaratildi. O‘n yetti ming gektardan ziyod maydondagi mevazor va tokzorlarda qayta tiklash ishlari amalga oshirilmoqda. Natijada bog‘ va tokzorlar kengayib, umumiy maydoni 280 ming gektarga yetadi.
Haqiqiy bog‘bon har bir ko‘chatni qadrlaydi, serhosil meva ko‘chatlari ekish va parvarishlashga alohida e’tibor qaratadi. M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutida bog‘bonlarning bu boradagi yumushlarini yengillashtirish va ularga amaliy yordam berishga qaratilgan izchil ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Bugun mamlakatimizda parvarishlanayotgan mevali daraxt ko‘chatlarining qariyb yarmi mazkur institut olimlari tomonidan yaratilgan navlardir.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yurtimizda olma, o‘rik, shaftoli, olxo‘ri, bodom, yong‘oq kabi mevalarning yuzdan ortiq turini uchratish mumkin. Mazkur ilmiy-tadqiqot institutida yaratilayotgan yangi navlar mahalliy iqlim sharoitiga mosligi, mevasining mazasi hamda serhosilligi bilan ko‘pchilikning e’tiborini tortmoqda.
Misol uchun, “Feruza go‘zali”, “Kamola” olmaning kechpishar navlari bo‘lib, ta’mi, sifati va hosildorligi, kasalliklarga chidamliligi bilan ajralib turadi. O‘rikning “Guliston” navi ertapishar bo‘lsa-da, boshqa o‘riklardan 10-15 kun kech gullaydi. Bu hosilni kutilmagan sovuqlardan saqlab qoladi. Mevasi yirik, gektaridan 8-10 tonna hosil olish mumkin. “Rizamat” – kuzgi-qishki uzum, hosildorligi gektaridan 10-15 tonnani tashkil etadi, po‘sti qalinligi bois uzoq muddat saqlash imkoni mavjud. Sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan “Husayni muskat” navi nafaqat hosildorligi, balki xushbo‘yligi bilan ham e’tiborni tortadi. “Kishmish botir”, “Kishmishi Zarafshon” navlari boshqa uzumlarga qaraganda ikki-ikki yarim barobar yirik bo‘lib, quritilganda ham sifati va mazasini yo‘qotmaydi.
Ilm-fanning boshqa yo‘nalishlarida bo‘lgani kabi bog‘dorchilikda ham xalqaro hamkorlik muhim ahamiyatga ega. Rossiya mevachilik ilmiy-tekshirish instituti bilan melioratsiya ishlarini yaxshilash, kasalliklarga qarshi kurashish hamda daraxtlarni tomchilatib sug‘orish borasidagi hamkorlik izchil davom etmoqda. Janubiy koreyalik va yaponiyalik olimlar bilan olma va shaftoli navlari ustida ish olib borilayapti. Xususan, Yaponiyadan keltirilgan navlar yurtimiz iqlimiga moslashtirilmoqda.
Institutda aholini mevali va manzarali ko‘chat, tok qalamchalari bilan ta’minlash, tegishli tavsiyalar berish borasidagi ishlar ham keng yo‘lga qo‘yilgan. Joriy yilda institut jamoasi tomonidan to‘rt yarim million dona yarim pakana, to‘rt million dona mahalliy meva ko‘chatlari va besh million donadan ortiq tok qalamchasi tayyorlab qo‘yildi.