Bog‘dorchilik rivoji yo‘lida
Namangan viloyati Chortoq tumanida bog‘dorchilikning bahorgi dolzarb vazifalariga bag‘ishlangan nazariy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Namangan viloyati Chortoq tumanida bog‘dorchilikning bahorgi dolzarb vazifalariga bag‘ishlangan nazariy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, viloyat hokimligi, viloyat o‘rta-maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda viloyat, tuman fermerlar kengashlari, bog‘dorchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari rahbarlari, soha mutaxassislari va talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholining qishloq xo‘jaligi, ayniqsa, bog‘dorchilik mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish masalasiga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Bog‘larni ilmiy-agrotexnik tadbirlar asosida parvarishlash, yangilash, intensiv bog‘lar barpo etish, serhosil, ertapishar meva navlarini yaratish har tomonlama qo‘llab-quvvatlanib, keng imkoniyat va imtiyozlar yaratilmoqda.
Tadbir doirasida Bog‘iston qishloq xo‘jaligi va bog‘dorchilik kasb-hunar kolleji qoshidagi “Yosh bog‘bonlar” maxsus otryadi tomonidan tumandagi “Umid” bog‘dorchilik fermer xo‘jaligida danakli va urug‘li daraxt ko‘chatlariga shakl berish, ularni zararkunanda va kasalliklardan asrash maqsadida ishlatiladigan kimyoviy preparatlar tayyorlash bo‘yicha tajribalari o‘rganilib, maxsus otryadni o‘qitish uchun tayyorlangan 30 soatlik o‘quv dasturi bilan tanishtirildi.
Bog‘dorchilik sohasida mutaxassislar yetishtirish, mazkur yo‘nalishdagi kasb-hunar kollejlarida ta’lim olayotgan o‘quvchilarning bilimini amaliyotda mustahkamlash, ularning bu boradagi intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishiga ko‘maklashish borasida olib borilayotgan ishlar, kelgusidagi vazifalar muhokama etildi.
– “Yosh bog‘bonlar” maxsus otryadi a’zolari asosan bitiruvchilardan iborat, – deydi kollejning “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi N.Mamasiddiqova. – Tuman hokimligi tomonidan ajratiladigan 20 gektar maydonda bog‘ yaratish uchun 100 million so‘mdan ziyod bank krediti olishni rejalashtirganmiz. Ushbu biznes reja amalga oshirilsa, o‘ndan ziyod bitiruvchi ish bilan ta’minlanadi.