“Bobur izdoshlari” mamlakat bosqichida qatnashadi
Vatan himoyachilari kuni arafasida Andijon shahridagi harbiy qismda “Zahiriddin Muhammad Bobur izidan” deb nomlangan intellektual bellashuvning Sharqiy harbiy okrug bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vazirining tegishli buyrug‘iga asosan, shoh va shoir, buyuk sarkarda tavalludining 541 yilligi oldidan uning harbiy mahoratini, ijodini chuqur o‘rganish, asarlarini mutolaa qilish, shuningdek, harbiylar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib etish, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish maqsadida tashkil etildi. Bellashuvning okrug bosqichida Sharqiy harbiy okrug tasarrufidagi harbiy qismlarning 10 jamoasi belgilangan shartlar asosida g‘oliblik uchun o‘zaro bahs olib bordi.
[gallery-15457]
Bellashuvda ishtirokchi jamoalar buyuk sarkarda Zahiriddin Muhammad Boburning qudratli davlat tashkil etishdagi strategik yondashuvlari, amalga oshirgan islohotlari, qo‘shinni boshqarish mahorati, shu bilan birga, uning ijodiga oid savol-javoblar asosida o‘zlarining bilim va mahoratlarini sinovdan o‘tkazdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Andijon shahridagi harbiy qismning “Bobur izdoshlari” jamoasi g‘olib chiqib, tanlovning mamlakat bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
Bellashuvning g‘olib va sovrindorlari okrug qo‘mondonligining diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Bellashuv doirasida harbiy xizmatchilar tomonidan namoyish etilgan sahna ko‘rinishlari barchaga xush kayfiyat ulashdi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari