Bobolarimiz jasorati yoshlarga faxr-iftixor bag‘ishlaydi
Xotira – abadiy, qadr – muqaddas. 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda mazkur so‘zlar jarang sochadi. Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, front orti mehnat fahriylarining jasoratlari, fidoyiligi ehtirom bilan tilga olinadi.
Farg‘ona shahridagi 2-umumta’lim maktabida qutlug‘ ayyom munosabati bilan tashkil etilgan tadbir ham taassurotlarga boy bo‘ldi. Bir necha yillar avval mazkur maktabda ta’lim olgan, hozirda turli sohalarda mehnat qilayotgan bitiruvchilari – O‘zbekiston “Adolat” SDP Siyosiy Kengash raisi o‘rinbosari Umidjon Sulaymonov, Davlat xizmatlari agentligi Farg‘ona viloyati boshqarmasi boshlig‘i Ra’no Boyqo‘ziyeva ishtirok etdi. Vatan qahramonlaridan biri farg‘onalik 92 yoshli Apas Kabayev tadbirning aziz mehmoni bo‘ldi. Siyosiy Kengash raisi o‘rinbosari ular bilan muloqot qilib, o‘z minnatdorchiligini izhor qildi. Partiya esdalik sovg‘alarini topshirdi.

– Xotira millat tarixini, uning qadriyatlarini, madaniyati va ma’naviyatni, millat o‘zligini mujassam etadigan buyuk qadriyat. Vatan ozodligi va tinchligi uchun jon fido etgan bobolarimizga har qancha hurmat bajo etsak oz, – deydi U.Sulaymonov o‘z so‘zida. – Ularning xotirasini abadiylashtirish, nafaqat 9 may sanasida balki har kuni yod etib, yonimizdagilarini yo‘qlab, duolarini olishimiz lozim.
Tadbir davomida maktab o‘quvchilari tomonidan urush qanashchilari qahramonliklariga bag‘ishlangan kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.
Mazkur maktab bitiruvchilari U.Sulaymonov hamda R.Boyqo‘ziyeva o‘zining bilimi, salohiyati, iqtidori va tashabbuskorligi bilan tengdoshlariga namuna bo‘lib kelayotgan bir guruh o‘quvchilarga esdalik sovg‘alarini taqdim etdilar.
– Biz hamisha ulug‘ ajdodlarimiz bilan faxrlanamiz, – deydi Sarvinoz Umarova. –Ayniqsa, Ikkinchi jahon urushida ko‘rsatgan jasorati bizlarni vatanparvarlikka chorlaydi. Diyorimizda hukm surayotgan tinchlik-xotirjamlikni qadrlash, yurt ravnaqi uchun hissa qo‘shishga harakat qilamiz. Ularga munosib izdosh bo‘lamiz.
M. Sulaymonov, O‘zA