Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi
Jizzaxda o‘tkazilgan mehnat yarmarkasida 173 korxona va tashkilot bir ming yetti yuzga yaqin bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etdi.
Jizzaxda o‘tkazilgan mehnat yarmarkasida 173 korxona va tashkilot bir ming yetti yuzga yaqin bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etdi.
Viloyat hokimligi, prokuraturasi hamda mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda aholi, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarni ish bilan ta’minlash Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan ekani ta’kidlandi.
– Yoshlar uchun yangi ish o‘rni yaratishda ularning mutaxassisligiga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi viloyat mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Yoqub Nazarov. – Bugungi yarmarkada 120 dan ziyod fuqaroga korxona va tashkilotlarda ishlash uchun yo‘llanma berildi. Umuman, mana shunday tadbirlar natijasida shu yilning o‘tgan davrida 27 mingga yaqin kishi ishga joylashdi.
Yarmarkada ishtirok etgan «Jizzax plasteks» O‘zbekiston-Germaniya qo‘shma korxonasi, «Jizzax kenteks» mas’uliyati cheklangan jamiyati kabi qator korxona va tashkilotlar, xalq ta’limi muassasalari, xususiy tadbirkorlar o‘z faoliyatini ko‘rgazmalar, targ‘ibot vositalari orqali namoyish etdi.
– Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi o‘zim xohlagan ishni topishim uchun yaxshi imkoniyat bo‘ldi, – deydi Jizzax yengil sanoat va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji bitiruvchisi Dildora Jumayeva. – Yarmarkada Jizzax tumanidagi “Zaristateks” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ishlash uchun yo‘llanma oldim. Mutaxassisligim bo‘yicha ishga joylashayotganimdan mamnunman.