BMT vakillari O‘zbekistondagi suv islohotlarini yuqori baholadi
Xabar berganimizdek, O‘zbekiston delegatsiyasi AQSHning Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tayotgan BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha yuqori darajadagi Forumida ishtirok etmoqda.
Forum doirasida yurtimiz delegatsiyasi BMT Bosh kotibi o‘rinbosari va BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) administratori o‘rinbosari Xaolyan Syuy bilan uchrashuv o‘tkazdi.
U uchrashuv chog‘ida O‘zbekistonning suv xo‘jaligi sohasida qisqa muddatda qo‘lga kiritgan amaliy natijalari va sohaga innovatsion yechimlarni joriy etish sur’atlari unda katta taassurot qoldirganini va bu yutuqlardan hayratda ekanligini alohida ta’kidladi.
BMT vakili ushbu keng ko‘lamli yangilanishlar bevosita Prezident Shavkat Mirziyoyevning qat’iy siyosiy irodasi va uzoqni ko‘zlagan strategik yondashuvi tufayli hayotga tatbiq etilayotganini qayd etdi. Xaolyan Syuy BMTTD O‘zbekistondagi suv islohotlarini bundan keyin ham har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
Shuningdek, navbatdagi muloqotda O‘zbekiston delegatsiyasi BMT Bosh kotibining iqtisodiy va ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Li Szyunxua bilan uchrashdi.

U uchrashuv chog‘ida suv xavfsizligi va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida O‘zbekiston bilan sheriklikni yangi bosqichga ko‘tarish zarurligini ta’kidladi.
Janob Li Szyunxua O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan strategik tashabbusni — Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan suv tejash bo‘yicha Butunjahon forumiga BMT maqomini berish hamda ushbu tadbirni global miqyosdagi doimiy platformaga aylantirish taklifini to‘liq ma’qulladi.
U BMT tomonidan mazkur nufuzli forumni yuqori darajada tashkil etish uchun har tomonlama yordam ko‘rsatilishini bildirdi.
Delegatsiyamiz Finlyandiya suv masalalari bo‘yicha maxsus elchisi Antti Rautavaara bilan ham uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda Antti Rautavaara O‘zbekistonda Prezident rahnamoligida suv xavfsizligini milliy ustuvorlik darajasiga ko‘tarish orqali erishilgan tarixiy natijalarni yuqori baholadi.
Finlyandiya tomoni O‘zbekiston bilan transchegaraviy suv resurslarini birgalikda boshqarish mexanizmlarini takomillashtirish, BMTning Xalqaro suv konvensiyalari doirasidagi sheriklikni izchil davom ettirish va yangi davlatlarni ushbu shartnomalarga jalb etishni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Shuningdek, davlat, ilm-fan va biznesni birlashtirgan “Finnish Water Forum” modeli asosida Markaziy Osiyo mintaqasi uchun yangi hamkorlik platformasini yaratish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Tomonlar ikki mamlakat tegishli idoralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish, suv diplomatiyasini rivojlantirish va suv resurslarini barqaror boshqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni qilishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.
Forum doirasida O‘zbekiston delegatsiyachisi Niderlandiyaning suv resurslari bo‘yicha maxsus vakili Mayke van Ginneken bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida Niderlandiya tomoni Yevropa Ittifoqining suv sohasidagi boy tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Ta’kidlanganidek, tarixan Niderlandiyada suv mo‘l bo‘lgan va suv tanqisligi muammosi kuzatilmagan. Biroq so‘nggi yillardagi global iqlim o‘zgarishlari natijasida ushbu mamlakatda ham suv taqchilligi sezila boshlagan.
Shu bois, suv resurslarining aksariyat qismi transchegaraviy manbalarga to‘g‘ri keladigan Niderlandiya uchun ushbu sohada xalqaro hamkorlik hayotiy ahamiyatga ega. Hatto Yevropa Ittifoqi mamlakatlarini ham aynan umumiy suv masalalari va ularni birgalikda hal etish yechimlari birlashtirib turadi.
Uchrashuv yakunida Mayke van Ginneken O‘zbekistonda suv sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni va erishilayotgan natijalarni yuqori baholadi. Niderlandiya vakili mamlakatimiz bilan suv resurslarini oqilona boshqarish yo‘nalishida yaqin hamkorlik qilishga to‘liq tayyorligini bildirdi.
O‘zA