BMT Ukraina bo‘yicha xavotir qo‘ng‘irog‘ini chaldi
BMT Inson huquqi bo‘yicha monitoring missiyasi ma’lumotiga ko‘ra, Ukrainada joriy yil iyun oyi begunoh aholi uchun oxirgi to‘rt yildagi eng halokatli davr bo‘ldi. Ya’ni, 293 fuqaro halok bo‘ldi, qariyb 2 000 kishi jarohatlandi. Bu ko‘rsatkich 2022-yil aprelidan buyon eng yuqori daraja sifatida qayd etildi.
Qurbonlar soni keskin ortishiga Rossiyaning uzoq masofaga mo‘ljallangan raketa hujumlari sabab bo‘lgan. Ayniqsa, front chizig‘idan olis joylashgan shaharlar, jumladan Kiyev eng ko‘p nishonga olingan. Havo hujumidan mudofaa vositalari tanqisligi esa yirik aholi manzillarini yanada himoyasiz qoldirgan.
Hisobotda qayd etilishicha, 2026-yil dastlabki 6 oyda halok bo‘lgan oddiy aholi soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 37 foiz, 2024-yilga nisbatan esa ikki barobardan ko‘proq oshgan. Rossiya hududida ham fuqarolar o‘limi o‘sgani qayd etilgan: rasmiy ma’lumotga ko‘ra, yarim yil ichida 250 kishi bevaqt hayotdan ko‘z yumgan.

BMT hisob-kitobida 2022-yil fevraldan beri Ukrainada kamida 16 431 begunoh inson, jumladan 803 bola urush qurboniga aylangan. Tashkilot bu raqamlar to‘liq emasligini ta’kidlaydi, chunki Mariupol va Lisichansk kabi hozir Rossiya nazoratidagi hududlarda berilgan qurbonlar sonini mustaqil ravishda tasdiqlash imkoni yo‘q.

Urushni to‘xtatishga qaratilgan muzokara deyarli to‘xtab qolgan. Prezident Vladimir Zelenskiy AQSH va Yevropa davlatlarini mamlakat havo mudofaasini kuchaytirish uchun qo‘shimcha aslaha tizimi, raketa zaxirasi bilan ta’minlashga chaqirmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA