BMT qarorgohida O‘zbekistondagi islohotlar xalqaro jamoatchilikka taqdim etildi
BMTning Jenevadagi qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan “Yangi O‘zbekiston islohotlari va “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi” mavzusida xalqaro tadbir bo‘lib o‘tdi.
BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokida o‘tgan tadbirda Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari R.Hakimov hamda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori E.Tulyakov ma’ruza qildi. Bu haqda Qonunchilik palatasining Matbuot xizmati ma’lum qildi. Ma’ruzalarda Prezidentimizning mustaqilligimizning 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida ilgari surilgan ustuvor yo‘nalishlar, 7 ta milliy dastur hamda “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan vazifalarning mazmun-mohiyati xususida atroflicha ma’lumot berildi.
Shuningdek, so‘nggi o‘n yilda iqtisodiy, ijtimoiy va institutsional sohalarda amalga oshirilgan islohotlar va ularning natijalari, barcha yo‘nalishlarda erishilgan ko‘rsatkichlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Siyosiy-huquqiy sohada amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, parlamentning roli va nazorat vakolatlarini kuchaytirish, mahalliy vakillik organlarining o‘rnini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Umumxalq referendumi asosida qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning ahamiyatiga alohida urg‘u berildi.

Shu bilan birga, tadbirning markaziy mavzularidan biri “O‘zbekiston — 2030” strategiyasiga bag‘ishlandi. Strategiyada inson kapitalini rivojlantirish, ta’lim va sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash, iqtisodiyotni yuqori texnologiyalar va mehnat unumdorligi asosida transformatsiya qilish, suv va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, sud mustaqilligi va qonun ustuvorligini kuchaytirish kabi ustuvor vazifalar belgilangani ta’kidlandi.
Yakunda O‘zbekiston va xalqaro hamjamiyat o‘rtasidagi muloqotni yanada chuqurlashtirish, parlamentlar, xalqaro tashkilotlar, ekspertlar va ilmiy doiralar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish muhimligi qayd etildi. Shuningdek, ushbu muloqot O‘zbekistonning mustaqil taraqqiyot yo‘li, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va “O‘zbekiston — 2030” strategiyasining ustuvor maqsadlarini xalqaro jamoatchilik bilan muhokama qilish uchun muhim maydon bo‘lgani e’tirof etildi.
Muhtarama Komilova tayyorladi. O‘zA