BMT Bosh kotibi: Hurmuzdagi vaziyat jahon iqtisodiyotini inqirozga yetaklashi mumkin
BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Hurmuz bo‘g‘ozidagi og‘ir vaziyat jahon iqtisodiyotini chuqur inqirozga yetaklashi ehtimolidan ogohlantirarkan, ayni yo‘nalishdagi voqealar uch yo‘nalishda rivojlanishini taxmin qildi.
O‘t ochish to‘xtaganiga qaramay, ayni payt Hurmuz bo‘g‘ozidagi vaziyat og‘irligicha qolmoqda. Bu haqda Bosh kotib Antoniu Guterrish BMTning Nyu-Yorkdagi qarorgohida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
– Harakat erkinligi cheklanishi neft, gaz va o‘g‘it yetkazib berilishiga to‘sqinlik qilmoqda, – dedi tashkilot rahbari. – Shu tariqa jahon iqtisodiyoti jiddiy zarbaga uchradi. bir hududdagi mojaro uchun butun insoniyat tovon to‘layapti. Birinchi ssenariy: Hoziroq cheklov bekor qilinsa ham, baribir yillik global iqtisodiy o‘sish 3,4 foizdan 3,1 foizga tushadi, inflyatsiya 4,4 foizga ko‘tariladi. Ta’minot zanjiri tiklanishi uchun bir necha oy kerak. Dunyo savdosi o‘sishi o‘tgan yilgi 4,7 foizdan taxminan 2 foizgacha sekinlashadi.
Ikkinchi ssenariy ta’minotdagi uzilish yil o‘rtasiga qadar davom etishini nazarda tutadi. Bunda iqtisodiy o‘sish 2,5 foizgacha sustlashadi, inflyatsiya esa 5,4 foizga yetadi. Taxminan 32 million kishi qashshoqlik chegarasidan past darajada kun kechiradi.
Uchinchi ssenariy eng umidsiz hisoblanadi. Agar yil oxirigacha Hurmuz bo‘g‘ozi orqali yuk tashish cheklovi bekor qilinmasa, inflyatsiya 6 foizdan ham ko‘tarilib ketadi, iqtisodiy o‘sish 2 foizga tushadi. Sayyoramiz global retsessiyaga duch kelib, aholi uchun dahshatli oqibatlar yuzaga kelishi ehtimoli bor.
– Kemalar harakatlanmagan har bir kun sarf-xarajatni oshirib, jahon iqtisodiyotiga salbiy ta’sirni kuchaytiradi, – dedi Guterrish. – Bizning barcha tomonlarga murojaatimiz aniq: Xavfsizlik kengashining 2817-rezolyutsiyasi talab qilganidek, erkinlik va harakat huquqi zudlik bilan tiklanishi shart. Bo‘g‘ozni oching! Kemalar o‘tishiga ruxsat bering! Jahon iqtisodiyoti nafas olishiga imkon bering!
Bosh kotib tomonlarni otashkesimga putur yetkazadigan har qanday qadamdan tiyilishga chaqirdi.
BMT rahbari Xalqaro dengiz tashkiloti kemalar va dengizchilarni evakuatsiya qilish rejasi ishlab chiqilayotgani, Loyiha xizmati bo‘yicha byuro rahbari Jorje Moreyra da Silva gumanitar yo‘lak tashkil etish bo‘yicha maslahatlashuv o‘tkazish uchun mintaqaga ketayotganini eslatdi. Yaqin Sharq bo‘yicha vakil Jan Arno ham muammoni tinch yo‘l bilan hal qilish uchun barcha tomonlar bilan muzokarani davom ettirmoqda.
G.Sattorova, O‘zA