BMT: 100 mingdan ortiq ukrainalik uyini tark etdi
Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan 100 mingdan ortiq tinch aholi o‘z uyini tashlab ketgan.
Bu haqda BMT Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligi matbuot kotibi Shabia Mantu tashkilotning Jenevadagi ofisida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
— Biz 100 mingdan ortiq ukrainalik uyini tashlab ketgan yoki ichki ko‘chishga majbur etilgan bo‘lishi mumkin, yana bir necha ming kishi xalqaro chegaralarni kesib o‘tgan, deb hisoblaymiz — dedi matbuot kotibi.
— BMT xodimlari uyidan chiqib ketgan ukrainaliklarga yordam ko‘rsatmoqda, — qo‘shimcha qildi Mantu.
U Ukrainadagi vaziyat yanada keskinlashgan taqdirda 4 milliongacha odam mamlakatni tark etishi mumkinligidan ham ogohlantirdi.
O‘z navbatida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi rasmiy vakili Ravina Shamdasani Rossiyaning Ukrainadagi harakatlari natijasida 25 nafar tinch aholi vakili halok bo‘lgani, 102 kishi jarohat olganini ma’lum qildi.
BMT vakillari Rossiyaning harbiy amalyoti xalqaro huquq normalariga zid ekanini ta’kidladi va operatsiya son-sanoqsiz odamlar hayotni xavf ostiga qo‘yganini aytdi. Bundan tashqari, urushga norozilik bildirib, aksiya uyushtirgan Rossiyadagi talabalarning o‘zboshimchalik bilan hibsga olinishidan xavotir bildirdi.
— Biz 1800 dan ortiq namoyishchi ushlanganidan xabardormiz. Ular ozod etilganmi yoki yo‘q, hozircha noma’lum, — dedi Shamdasani.
Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarlik vakili hibsga olingan namoyishchilarni zudlik bilan ozod qilishni talab qildi.