“Blue Zarafshon”: yoshlar ekologik tashabbus atrofida birlashmoqda
Bugungi globallashuv davrida ekologik muammolar nafaqat soha mutaxassislari, balki keng jamoatchilik, ayniqsa, yoshlarni ham tashvishga solmoqda. Ana shunday masalalarga befarq bo‘lmagan, tabiatni asrash va atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan tashabbuslardan biri sifatida Navoiy shahridagi Prezident maktabi huzurida “Blue Zarafshon” ekologik loyihasi tashkil etilgan.
Loyihaning asosiy maqsadi – atrof-muhitni muhofaza qilish, yoshlarning ekologik savodxonligini oshirish va ularda tabiatga ehtiyotkorona munosabatni shakllantirishdan iborat.

“Blue Zarafshon”ning “Web” yo‘nalishida faoliyat yurituvchi asosiy “Core” jamoasi 9 nafar a’zodan iborat. Ular yangi g‘oyalarni ishlab chiqish, tadbirlarni rejalashtirish va amalga oshirishda yetakchilik qiladi. Jamoa faoliyatiga 20 nafardan ortiq ko‘ngilli ham jalb etilgan. Ana shu hamjihatlik va faollik tufayli loyiha qisqa vaqt ichida muayyan natijalarga erishdi.
Loyiha faoliyati davomida “Eco Schools”, “Young Climate Champions”, BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP), “Young Green Ambassadors” va “Eco Heroes” kabi tashkilot va tashabbuslar bilan hamkorlik o‘rnatildi. Bu hamkorliklar loyihaning ta’sir doirasini kengaytirish bilan birga, yoshlarga xalqaro tajriba va ilg‘or ekologik yondashuvlar bilan tanishish imkonini berdi.
Bir yildan ortiq vaqt davomida “Blue Zarafshon” a’zolari tomonidan 30–40 kilogrammga yaqin chiqindi yig‘ilib, hududlarni tozalash ishlariga hissa qo‘shildi. Shuningdek, maktabda bir yilda 100 kilogrammdan ortiq qog‘oz qayta ishlashga yo‘naltirildi. Bu kabi tashabbuslar tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va chiqindilar hajmini kamaytirishga xizmat qilmoqda.

E’tiborlisi, loyihaning qamrovi birgina maktab bilan cheklanib qolgani yo‘q. Viloyatdagi 20 dan ortiq maktabdan 120 nafardan ziyod o‘quvchi “Blue Zarafshon”ning tadbirlarida bevosita ishtirok etdi.
Jamoa bir yil davomida uchta yirik tadbirni muvaffaqiyatli tashkil etdi. Ularning har biri yoshlarning ekologik bilimlarini oshirish bilan birga, jamoaviy ishlash, muloqot va tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratildi. Dastlabki tadbir doirasida ishtirokchilar “Eco Zakovat” bilim bellashuvi, “Eco Debate” munozarasi va taqdimotlarda qatnashib, ekologik mavzulardagi bilimlarini sinovdan o‘tkazishdi. Yig‘inda nazariy bilimlar bilan bir qatorda, fikrni aniq va ishonchli ifoda etish hamda notiqlik mahoratiga ham e’tibor qaratildi.
Ikkinchi anjumanda esa sport va ekologik faollik uyg‘unlashtirildi. Ishtirokchilar piyoda harakatlanish jarayonida chiqindilarni yig‘ish tashabbusida ishtirok etdi. Shundan so‘ng “Jeopardy” formatidagi viktorinada ekologik bilimlarini raqobat muhitida namoyish qildi.

Uchinchi tadbir – “Eco Quest” Navoiy shahridagi Prezident maktabida o‘tkazildi. Unda ishtirokchilar turli interaktiv o‘yinlar va taqdimotlar orqali ekologiyaga oid bilimlarini yanada boyitdi. Qayd etish kerakki, anjumanning eng muhim natijasi faqat bilim va ko‘nikmalar bilan cheklanmadi. “Eco Quest” yoshlarning yangi do‘stlar orttirishi, o‘zaro fikr almashishi va umumiy maqsad atrofida birlashishi uchun ham imkoniyat yaratdi. Tadbir yakunida tashkil etilgan rasm chizish mashg‘ulotida ishtirokchilar ekologik mavzudagi g‘oya va qarashlarini ijodiy tarzda ifodaladi.
Quvonarli jihati, mazkur tadbirdan so‘ng ko‘plab ishtirokchilar “Blue Zarafshon” jamoasiga murojaat qilib, shunga o‘xshash yig‘inlarni yana tashkil etish istagini bildirdi. Jamoa esa bu taklifga ijobiy javob berdi. Navbatdagi tashabbus bir kunlik tadbir bilan cheklanmay, 30 kun davomida o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.
Kichik tashabbus sifatida boshlangan “Blue Zarafshon” bugun hududdagi o‘nlab maktab va yuzlab yoshlarni yagona maqsad – tabiatni asrash, ekologik madaniyatni yuksaltirish va yashil kelajak barpo etish g‘oyasi atrofida birlashtirmoqda. Binobarin, ekologik mas’uliyat avvalo insonning tabiatga munosabatidan boshlanadi. Yoshlarning bu boradagi tashabbuslari esa kelajak avlod uchun sog‘lom va barqaror muhit yaratishga xizmat qiladi.
Jaloliddin Musayev,
Toshkent shahridagi “Interhouse” akademik litseyi 2-kurs o‘quvchisi