Bizning eng katta boyligimiz ko‘p millatli buyuk xalqimizdir
Nukusda yurtimizdagi barcha millat va elatlar vakillarining o‘zaro tengligi, birdamligi hamda Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasini e’tirof etishga bag‘ishlangan “O‘zbekiston − yagona Vatan!” shiori ostida anjuman o‘tkazildi.
Toshkent shahridan yo‘lga chiqqan “Do‘stlik” poyezdi mamlakatimizda istiqomat qiluvchi turli millat vakillarini Qoraqalpog‘iston Respublikasiga jamladi.
Anjumanning asosiy maqsadi − jamiyatimizda millatlararo totuvlik va hamjihatlikni mustahkamlash, turli millat vakillarini yagona Vatan tuyg‘usi atrofida birlashtirish, ularning mamlakatimiz ijtimoiy va madaniy hayotidagi faol ishtirokini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Millatlararo munosabatlar qo‘mitasi, Madaniyat vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Vatandoshlar” jamoat fondi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi vakillari, shuningdek, milliy madaniy markazlar faollari, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilari dastlab yurtimizdagi barcha millat va elatlar vakillarining o‘zaro tengligi, birdamligini aks ettiruvchi ko‘rgazma bilan tanishdi.
[gallery-31735]
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi A.Orinbayev, O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Q.Sariyev, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi raisi O.Hasanov va boshqalar so‘zga chiqib, yurtimizda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan millatlararo totuvlikni mustahkamlash, ularning huquqlarini muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan amaliy ishlarga to‘xtaldi.
Darhaqiqat, keyingi yillarda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri – jamiyatda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlash, do‘stlik muhitini va ko‘p millatli katta yagona oila tuyg‘usini mustahkamlash, yoshlarni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan qarash ruhida tarbiyalash, xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-ma’rifiy aloqalarni kengaytirishga yo‘naltirilgan keng miqyosdagi ishlar olib borilmoqda.
Prezidentimiz 2020-yil 29-dekabrda Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomasida jamiyatda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashga qaratilgan ishlarni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish zarurligini qayd etib, BMT Bosh Assambleyasining rezolyutsiyasi bilan har yili 30-iyul – Xalqaro do‘stlik kuni sifatida keng nishonlanishi, shu bois mazkur sanani O‘zbekistonda “Xalqlar do‘stligi kuni” deb belgilashni taklif etgani yurtimizda istiqomat qiluvchi ko‘p millatli fuqarolarimizni quvontirdi.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, bizning eng katta boyligimiz – O‘zbekistonni o‘zi uchun yagona Vatan deb biladigan ko‘p millatli buyuk xalqimizdir. Chuqur ma’noga ega bu qimmatli fikrlar har birimizga alohida kuch-g‘ayrat bag‘ishlash bilan birga, barchamizga katta mas’uliyat yuklaydi. Zero, hozir dunyo mamlakatlari o‘rtasida kechayotgan o‘zaro ziddiyatlar bizdan har qachongidan ham hushyorlikni talab etmoqda.
Shuni alohida ta’kidlashimiz kerakki, azal-azaldan yurtimizda turli millat vakillari bir oilaning farzandlaridek tinch-totuv va farovon turmush kechirib kelgan. Bugungi kunda Qoraqalpog‘istonda 30 dan ortiq millat vakili o‘zaro hurmat va mustahkam hamjihatlikda barcha tarmoqlarda samarali faoliyat yuritmoqda.
Bundan tashqari, oliy o‘quv yurtlarida 15 dan ortiq millat vakili mustahkam hamjihatlikda o‘qib, ta’lim olmoqda. Qolaversa, 5 ta milliy madaniy markaz va 68 ta diniy tashkilot samarali faoliyat yuritmoqda. Shunday tadbirlar natijasida turli millat vakillarining boy madaniyati va milliy merosi avloddan-avlodga o‘tib bormoqda.
Ayniqsa, Prezidentimiz tashabbusi bilan qad rostlagan dunyodagi eng ulkan “Qora uy” ko‘p millatli xalqimizning do‘stlik ramziga aylangani ko‘ngillarga g‘urur-iftixor tuyg‘ularini bag‘ishlaydi.
Anjumanda millati, tili va madaniyatidan qat’i nazar, har bir insonning yurt ravnaqiga daxldorligini kuchaytirish, o‘zaro hurmat va tenglik tamoyillarini qaror toptirish, madaniy xilma-xillikni asrab-avaylash masalalariga e’tibor qaratildi. Turli millat va elatlar vakillarining fidokorona mehnati, tashabbuslari hamda jamiyat hayotidagi ishtiroki Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga qo‘shilayotgan munosib hissa sifatida e’tirof etildi.
Tadbir o‘z ishini “O‘zbekistonda umummilliy birdamlikni ta’minlash: davlat siyosati, amaliy natijalar va istiqboldagi rejalar”, “Millatlararo do‘stlikni mustahkamlashning yangi davri: Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon tajribasi”, “Milliy madaniy markazlar faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish: qonunchilik, yaratilgan imkoniyatlar va muhim vazifalar”, “Milliy madaniy markazlarning amaliy tajribasi” mavzularida sho‘’balarga bo‘lingan holda davom etdi.
Shu kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi nomidan “Do‘stlik karvoni” madaniy kecha va tantanali qabul marosimi o‘tkazildi.
Tadbirning ikkinchi kuni ishtirokchilar Xo‘jayli tumanidagi Mizdaxqon qabristonida joylashgan XII–XIV asrlarga oid noyob yarim yer osti me’moriy yodgorligi Mazlumxon suluv maqbarasi, Nukus shahridagi I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyi, Amudaryo tumanida joylashgan "Chilpiq" arxeologik yodgorligi bilan tanishdi.
“O‘zbekiston — yagona Vatan!” g‘oyasi yurtimizda yashayotgan har bir insonning orzu-intilishlari, bugungi mehnati va kelajagini shu zamin bilan bog‘laydigan umumiy maqsadni ifodalaydi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib o‘tgan mazkur anjuman ana shu daxldorlik tuyg‘usini mustahkamlash, tinchlik va totuvlikni qadrlash hamda mamlakat taraqqiyoti yo‘lida hamjihatlikni kuchaytirishga xizmat qildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari