Biznesni rivojlantirish banki “Uzbekistan Investor Day 2026” forumida ishtirok etdi
2026-yil 15-may kuni London shahrida bo‘lib o‘tgan “Uzbekistan Investor Day 2026” xalqaro forumida “Biznesni rivojlantirish banki” ATB delegatsiyasi faol ishtirok etdi. Forum doirasida bank vakillari yetakchi xalqaro moliyaviy institutlar, investitsiya fondlari va xorijiy banklar bilan qator muzokaralar o‘tkazdi va jami 75 mln. AQSH dollari miqdorida kredit liniyalari bo‘yicha shartnomalar imzolandi.
Jumladan, “Standard Chartered Bank” bilan ICIEC qoplamasi ostida 35 million AQSH dollari miqdoridagi kredit shartnomasini imzolash bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, “ICBC Standard plc” bilan hamkorlikni kengaytirish maqsadida amaldagi moliyalashtirish limiti qo‘shimcha 40 million AQSH dollariga oshirildi.
Forum davomida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, JP Morgan, Federated Hermes, Insight Investment hamda boshqa yirik moliyaviy institutlar bilan bankning moliyaviy barqarorligi, transformatsiya jarayonlari va xalqaro kapital bozorlariga chiqish istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, bankning ilk xalqaro yevroobligatsiyalarini chiqarish rejalari investorlar tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilindi.
Mazkur uchrashuv va kelishuvlar “Biznesni rivojlantirish banki”ning xalqaro moliya bozorlaridagi mavqeini mustahkamlash hamda uzoq muddatli xorijiy moliyaviy resurslarni jalb etish yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi.
O‘zA