"Biz siz bilan!" loyihasiga start berildi
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar hududiy kengashi va “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi hamkorligida "Biz siz bilan!" ijodiy loyihasiga start berildi.
Loyihaning ilk bosqichi poytaxtimizdagi 21-Mehribonlik uyida tashkil etildi.
Tadbirga Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bilan birga Toshkent shahar Sardorlar kengashi vakillari, shahrimizdagi umumta’lim maktabi o‘quvchi-yoshlari taklif etildi.

Mazkur ijodiy loyiha Mehribonlik uylarida san’atkorlar, estrada yulduzlari ishtirokida konsertlar, ijodiy uchrashuvlar o‘tkazishni ko‘zlaydi. Loyiha davomida konsert namoyish etilishi bilan birga yosh ijrochilar o‘z faoliyati yuzasidan ishtirokchilarning savollariga batafsil javob qaytardi. Bolalar va estrada yulduzlari ishtirokida viktorinalar o‘tkazildi.
Tadbir tashkilotchilari tomonidan Mehribonlik uyi bolalariga esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘zA