«Biz Amir Temur avlodlarimiz!»
Bugun O‘zbekiston tarixida juda muhim sana nishonlanmoqda. Dunyoga mashhur jahongir, «Yetti iqlim hukmdori», sohibqiron Amir Temur tavallud topgan kunga 9 aprel sanasida 685 yil to‘ldi.
Bu sana nafaqat O‘zbekiston uchun, Markaziy, Janubiy, G‘arbiy Osiyo mamlakatlari, qolaversa, Rossiya, Kavkaz, Volga sarhadlari uchun ham juda katta ahamiyatga ega bo‘lgan tarixiy voqelikdir.
Shu munosabat bilan buyuk sarkarda tavalludining 685 yilligiga bag‘ishlab Farg‘ona davlat universitetida ham davra suhbatlari, aksiyalar, sport tadbirlari tashkil etilmoqda.
Jumladan, erta tongdan Farg‘onaning markaziy ko‘chalarida yoshlar jo‘rligida O‘zbekiston Respublikasi Davlat Madhiyasi yangradi. «Biz Amir Temur avlodlarimiz!» shiori ostidagi yugurish marafoniga start berilar ekan, talabalar safi mahalla yoshlari bilan yanada kengayib ketdi.
Marsh marafonidan so‘ng universitet sport majmuasida o‘qituvchilar va talabalar tongi badantarbiya mashqlariga ko‘tarinki kayfiyatda, o‘zgacha zavq bilan kirishdilar.
Sport musobaqalaridan so‘ng bayram tadbiriga yig‘ilgan ishtirokchilar milliy davlatchiligimiz asoschisi bo‘lgan Amir Temurning shonli tarixi va uning takrorlanmas boshqaruv uslubi to‘g‘risida muloqot qildilar.
Tadbirda ishtirok etayotgan universitetning yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat masalalari bo‘yicha prorektori I.Nosirov yoshlar bilan yuzma-yuz muloqot olib borar ekan, o‘z so‘zida Amir Temur - siymosi biz uchun abadiy barhayot ekani, sohibqiron hozir ham o‘zligimizni anglash, milliy an’ana va qadriyatlarimizni tiklash borasidagi ulug‘vor ishlarda xalqimizga ma’naviy kuch bag‘ishlab kelayotganligini ta’kidlab o‘tdi.
Suhbat davomida temuriylarning milliy davlatchilik, ilm-fan, madaniyat, bunyodkorlik va boshqa sohalardagi ulkan merosi, dunyo sivilizatsiyasi ravnaqiga temuriylarning qo‘shgan ulkan hissasi, Amir Temurning yurtparvar g‘oyalari to‘g‘risida qizg‘in muhokamalar yoshlar qarashlari, munozaralarida davom etdi. Ayniqsa tadbirda san’atshunoslik fakulteti talabalari tomonidan vatanparvarlik tuyg‘ulari tarannum etilgan qo‘shiqlarning ijro etilishi, shuningdek, harbiy ta’lim fakulteti talabalarining jangovor mashqlar bilan chiqishlari - yoshlar qalbiga yurt oldidagi burch va vazifalarini beixtiyor olib kirdi.
Yoshlarda Vatanga muhabbat, elga sadoqat ruhiyatini jonlantirgan ushbu tadbir orqali kelajagimiz vorislari ko‘z o‘ngida Sohibqiron Amir Temur shaxsiyatiga hurmat va ehtirom ko‘rsatildi.
Farg‘ona davlat universiteti
matbuot xizmati