Biz albatta bu baloni yengamiz...
Maʼlumki, shu kunlarda yurtimizda favqulodda vaziyat hukm surmoqda.
Maʼlumki, shu kunlarda yurtimizda favqulodda vaziyat hukm surmoqda. Butun dunyoni larzaga solayotgan koronavirus pandemiyasi mamlakatimizga ham kirib kelishi bilan barcha ommaviy tadbirlar bekor qilindi. Boshqa kerakli chora-tadbirlar hukumatimiz tomonidan amalga oshirilmoqda.
Kuni kecha koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan inqirozga qarshi kurashish sharoitida tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishida Prezidentimiz xalqqa yana bir bor murojaat qildi.
Davlatimiz rahbari oʻz murojaatida pandemiyani yengish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar, kelgusidagi rejalashtirilayotgan chora-tadbirlarga toʻxtalib, bugungi sinovli kunlarda barchamiz masʼuliyatni his qilgan holda sabr va matonat bilan birgalikda harakat qilsak albatta, koʻzlagan maqsadimizga erisha olishimizni alohida taʼkidladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida statsionar sharoitda umumiy karantinga olingan jami fuqarolar soni 544 nafarni tashkil etgan boʻlsa, shundan Nukus shahri, Taxiatosh va Nukus tumanlarida karantinda boʻlgan 500 nafar fuqaro 4-aprel kuni oʻzlarining doimiy yashash manzillariga qaytarildi. Chuqurlashtirilgan tibbiy tekshiruvlar, laborator, maxsus test va boshqa diagnostik tahlillar amalga oshirildi. Bir quvonchlisi, ularning hech birida kasallik belgilari aniqlanmadi.
Bularning barchasi muhtaram Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan chora-tadbirlarning ijobiy samarasi, fuqarolarimizning karantin qoidalariga toʻla amal qilishi, tibbiyot xodimlarining munosib mehnati tufayli desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Buning bilan hech birimiz masʼuliyatsizlikka berilmasdan har bir idora, jamoatchilik vakillari bir musht boʻlib harakat qilishimiz zarur. Kasallikni mahallamizga, uyimizga, oilamizga olib kirmaslik uchun eng avvalo oʻzimiz masʼul ekanligimizni unutmasligimiz kerak.
Bugungi kunda pandemiyani bartaraf etish boʻyicha amalga oshirilayotgan barcha chora-tadbirlar, eng avvalo sizu-bizning salomatligimiz, xavfsizligimiz uchun qilinayotganligini chuqur anglab yetishimiz kerak. Buning uchun har birimizdan shifokorlar tomonidan berilayotgan tavsiyalariga qatʼiy amal qilgan holda, xotirjamlik, vahimaga tushmasdan, imkoni boricha uydan chiqmaslik talab qilinadi.
Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, xalqimiz oʻz tarixida qanday ogʻir tabiiy ofatlarni koʻrgan boʻlmasin, Qodir Ollohning marhamati bilan, oʻzining kuch-qudrati, vazminligi va donishmandligi orqali ularning barchasini yengib oʻtgan. Biz albatta bu baloni ham yengamiz.
Tojiboy ROMANOV,
OʻzMTDP Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kengashi raisi.