Bitiruvchilarga “leytenant” harbiy unvoni topshirildi
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida bitiruvchi kursantlarga “leytenant” harbiy unvoni va diplom topshirish tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor Abdulla Qo‘ldoshev hamda Akademiya boshlig‘i general-polkovnik Qobul Berdiyev so‘zga chiqib, mamlakatimizning “Ta’lim to‘g‘risida” va “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida"gi qonunlari yurtimizda oliy ma’lumotli mutaxassis kadrlarni har tomonlama yetuk, mas’uliyat va burchini chuqur his qiladigan hamda o‘z kasbini sevib ardoqlaydigan, fidoyi insonlar qilib tarbiyalash uchun barcha imkoniyatlarni yaratib berishga qaratilganini ta’kidladi.
Shuningdek,, so‘nggi yillarda oliy ta’lim muassasalari ilmiy salohiyatini mustahkamlash, oliy ta’limda ilm-fanni yanada rivojlantirish, uning akademik ilm-fan bilan integratsiyalashuvini kuchaytirish, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining ilmiy-tadqiqot faoliyati samaradorligi va natijadorligini oshirish, iqtidorli yoshlarni ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishga keng jalb etishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.

Yangi O‘zbekiston yoshlariga qaratilayotgan yuksak e’tibor va barcha sohalarda amalga oshirilayotgan tub demokratik islohotlar farzandlarimizning intellektual salohiyat egasi, o‘z kasbining mohir ustasi, hech kimdan kam bo‘lmagan avlod bo‘lib yetishishlari uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. “Leytenant” harbiy unvonining berilishi va generallar tomonidan bitiruv diplomlari tantanali ravishda topshirilishi yosh ofitserlar uchun katta ishonch va faxr-iftixor desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu lahzalar ularning hayotida unutilmas oltin sahifalar bo‘lib qolishi shubhasiz.
Tadbirda qayd etilganidek, bu yilgi o‘quv yilida 161 nafar bitiruvchidan 5 nafari imtiyozli (qizil) diplom olishga muvaffaq bo‘ldi. So‘zga chiqqan bitiruvchilar va ularning ota-onalari, taklif etilgan mehmonlar o‘zlarining his-hayajonga to‘la tilaklarini izhor etib, yosh ofitserlarni samimiy muborakbod etdi.

– Bugun biz, yosh ofitserlarning quvonchimiz cheksiz. Bizni voyaga yetkazgan ota-onalarimizga, ta’lim-tarbiya bergan ustozlarimizga, barcha shart-sharoitlarni yaratib bergan muhtaram Prezidentimizga samimiy minnatdorligimizni bildiramiz, – dedi bitiruvchi leytenant Akbar Xursanov. – Albatta, xalqimizning tinch-osuda hayotini, sog‘lig‘ini asrashdek baxtli kasb bo‘lmasa kerak, biz ana shunday qutqaruvchilikdek sharafli kasbni egallab, yetuk kadrlar bo‘lib yetishganimizdan va Ona Vatanimiz ravnaqiga o‘z hissamizni qo‘shayotganimizdan faxrlanamiz. Davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan yaratib berilayotgan keng imkoniyat va qulay shart-sharoitlarga javoban, xizmat faoliyatimizda favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda yong‘in xavfsizligini ta’minlash yo‘lida bor kuch-g‘ayratimizni safarbar etamiz, deb va’da beramiz.
– Bugun ikkinchi farzandim Jaloliddin ofitserlik unvonini olib, mustaqil hayotga yo‘l olayotganidan boshim ko‘kka yetdi, – dedi podpolkovnik Baxshillo Jahonqulov. – O‘zim ham shu sohada mehnat qilayotganim uchun bizning oilamizda ham ushbu kasbga xos bo‘lgan muhit shakllangan va o‘g‘lim shu ruhda voyaga yetgan. Ishonamanki, farzandlarim jonajon Vatanimiz va xalqimiz xizmatida bo‘lib, ushbu oliy dargohda olgan nazariy bilim va ko‘nikmalarini amaliyotda qo‘llab, mustaqil yurt osoyishtaligini ta’minlashga bor kuch va shijoatlarini safarbar etadilar.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA