Bitiruvchilar ishonchni oqlashga va’da berdi
Andijon mashinasozlik institutida bitiruvchilarga diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Andijon mashinasozlik institutini joriy o‘quv yilda o‘nta ixtisoslik yo‘nalishi bo‘yicha 16 nafar magistr, 23 ixtisoslik yo‘nalishi bo‘yicha 803 nafar bakalavr bitirdi. Bundan tashqari, Shimoliy Xitoy texnologiyalari universiteti hamda Belorusiya milliy texnologiyalar universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan qo‘shma ta’lim dasturlari doirasida 18 nafar yigit-qiz tamomladi.
[gallery-18369]
Mehnat bozoriga yo‘l olgan yosh mutaxassislarga diplom topshirish marosimida institut prorektorlari, fakultet dekanlari, professor-o‘qituvchilar, bitiruvchilar hamda ularning yaqinlari ishtirok etdi.
– Eng avvalo, bitiruvchi yoshlarimizni mustaqil va yangi hayot sari qadam qo‘yayotgani bilan tabriklayman, – deydi institutning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori, fizika-matematika fanlari bo‘yicha falsafa doktori Suhrobjon Aliyev. – Institutni tamomlagan malakali muhandis va iqtisodchilar mamlakatimiz xalq xo‘jaligining turli jabhalari, asosan, avtomobilsozlik sanoati korxonalarida samarali ish olib borishiga ishonaman.
Tadbir davomida o‘qituvchilar, ota-onalar vakillari so‘z olib, bitiruvchilarning kelgusi ishlarida omad tiladi. O‘z navbatida bitiruvchi yoshlar ham ota-onalari, ustozlari ishonchini oqlashga, hayotda munosib o‘rin topishga va’da berdi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari