Bitiruvchilar bandligi doimiy e’tiborda
Mamlakatimizda ishlab chiqarish salohiyati yildan-yilga ortib, ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratilayotgani aholi, jumladan, yoshlarni ish bilan ta’minlash imkonini bermoqda.
Mamlakatimizda ishlab chiqarish salohiyati yildan-yilga ortib, ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratilayotgani aholi, jumladan, yoshlarni ish bilan ta’minlash imkonini bermoqda.
Kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining bandligini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilayotgani yoshlarimizning jamiyatda o‘z o‘rnini topishi, hayotga, mehnatga to‘g‘ri munosabatini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Toshkent iqtisodiyot va biznes kollejida 1 ming 300 nafardan ziyod o‘quvchi tahsil olmoqda. Kollejda zamonaviy axborot texnologiyalari bilan ta’minlangan komputer xonalari, sport zali, axborot-resurs markazi – yoshlar ixtiyorida. Fanlar bo‘yicha to‘garaklarning tashkil etilishi o‘quvchilarning bilim va salohiyatini yuksaltirishga ko‘maklashmoqda.
O‘tgan yili mazkur bilim maskanini beshta yo‘nalishda tahsil olgan 589 nafar o‘quvchi tamomladi. Ularning 43 nafari oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga qabul qilindi, 445 nafar yigit-qiz ish bilan ta’minlandi.
Yoshlarning o‘z tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishi uchun ham keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Tijorat banklari mutaxassislari ishtirokida joylarda seminarlar o‘tkazilib, ularga biznes reja tuzishdan tortib, tadbirkorlik yuritishgacha bo‘lgan barcha jarayonda iqtisodiy, huquqiy, moliyaviy ko‘mak berilmoqda. Jumladan, joriy yilda kollejning 8 nafar bitiruvchisi tijorat banklaridan imtiyozli kreditlar olish maqsadida o‘zlarining biznes loyihalari bilan qatnashmoqda.
– Har bir yoshning dunyoqarashi, bilim va mahorati, yurt oldidagi mas’uliyatini his etishi, fidoyiligi ta’lim-tarbiya jarayoniga bog‘liq, – deydi kollej direktori Po‘latxo‘ja Yo‘ldoshev. – Ta’lim sohasida ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish amaliyotining keng tatbiq etilayotgani ta’lim-tarbiya jarayonidagi islohotlar samaradorligini yanada oshirish, yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish va bandligini ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda.
Mazkur kollejda o‘quvchilar amaliyotini tashkil etish va ularni ish bilan ta’minlash maqsadida tijorat banklari, sug‘urta kompaniyalari, “Doyche kabel” qo‘shma korxonasi, “Maxsusenergogaz” ochiq aksiyadorlik jamiyati, “Neftta’minot” mas’uliyati cheklangan jamiyati kabi qator tashkilot va korxonalar, kichik biznes subyektlari bilan yaqin hamkorlik o‘rnatilgan.
Ta’lim va amaliyotning uzviy olib borilayotgani zamonaviy bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lgan yosh mutaxassislar safi kengayishiga xizmat qilmoqda. Joriy yilda kollejni 519 nafar yigit-qiz bitirayotgan bo‘lsa, shundan 423 nafari turli korxona va tashkilotlar bilan uch tomonlama shartnoma imzoladi.